Termiz tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasi va baliqchilik xoʼjaligi faoliyati bilan tanishildi

Haftalik ish rejaga muvofiq bugun hududlarda investitsiya va eksport masalalarida amalga oshirilayotgan dasturlar, loyihalar va faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan tanishish maqsadida viloyat hokimi Termiz tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab Termiz tumani “Bunyodkor” mahallasida 2019 yilda 3 gektar maydonda tashkil etilib, ayni damda yillik ishlab chiqarish quvvati 50 ming tonnaga yetkazilgan qurilish materillari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Olis osmon” xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Mazkur korxonada qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar va jihozlar Xitoy davlatidan olib kelingan boʼlib, 34 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan.

Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 25 foizi eksportga yoʼnaltirilmoqda. Yillik eksport hajmi 400 ming dollarni tashkil etadi.

Viloyat rahbari korxona faoliyati va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishib, xom ashyolarni mahalliylashtirish, mahsulotlar sifatiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali eksport hajmini oshirish boʼyicha taklif va tavsiyalar berildi. Masʼullarga uy-joylar qurilishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan foydalangan holda qurilish tannarxini pasaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan vazifalar berildi.

Shundan soʼng viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddilar tumanning “Yangihayot” mahallasida joylashgan “Norhamid Bobo” fermer xoʼjaligida tashkil etilgan baliqchilik xoʼjaligi faoliyati bilan tanishdi. 25 gektar maydonda sunʼiy koʼl tashkil etib, yiliga 200 tonna baliq mahsulotlari yetishtirilayotgan mazkur baliqchilik xoʼjaligida 12 ta ish oʼrinlari yaratilgan.

Аholining goʼsht va goʼsht mahsulotlari bilan taʼminlashda muhim omil boʼlgan bu kabi loyihalarni rivojlantirish, yangi ish oʼrinlari yaratish boʼyicha mutasaddilarga koʼrsatmalar berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.