Surxondaryo viloyati xotin-qizlariga bayram tabrigi

Assalomu alaykum, munis va muhtarama onaxonlar!

Aziz opa-singillar!

Barchamiz ko‘klam nish urgan shu kunlarda bahoriy kayfiyatda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunini ko‘tarinki shodu xurramlik bilan keng nishonlayapmiz.

Fursatdan foydalanib, Siz azizlarni, Sizlarning timsolingizda viloyatimizning barcha xotin-qizlarini muborak shodiyona bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Qadrli onaxonlar va opa-singillar!

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahnamoligida qo‘lga kiritilayotgan barcha yutuqlarimiz zamirida Siz – xotin-qizlarimizning ham alohida o‘rningiz bor. Sizlarni davlat va jamoat ishlarida fidoyi, uyda oqila ayol va farzandlar tarbiyasida zukko, g‘amxo‘r ona, yaqin maslahatguy sifatida juda qadrlaymiz. 

Yangi O‘zbekistonni bunyod etishdagi bunday ezgu ishlaringiz alohida e’tirof etilib, huquq va manfaatlaringizni ta’minlash, izlanish va istedollaringizni qo‘llab-quvvatlab, munosib turmush hamda mehnat sharoiti yaratish davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishiga aylandi. Jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar mehnatini rahbatlantirishga e’tibor kuchaytirildi.

Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq kuni-kecha 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyatimizning bir guruh xotin-qizlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani, Termiz davlat pedagogika institutining 1-bosqich magistranti Ilmatova Rinata va Sherobod tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sadoqat Mirzaeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovar bo‘lgani surxondaryolik xotin-qizlar mehnati va izlanishlariga berilgan yuksak bahodir.

Joriy yilda ham surxondaryolik 17 nafar xotin-qizning “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani ana shu e’tibor va e’zozning yorqin ifodasidir.

Fursatdan foydalanib, davlatimizning yuksak orden va medallari, davlat mukofotlari, ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan xotin-qizlarimiznri yana bir bor samimiy muborakbod etamiz.

Muhtarama opa-singillar!

Vatanimizda jamiyatimiz gultojlari bo‘lgan xotin-qizlar duch kelayotgan muammolarni hal etish, jamiyatda nufuzini oshirish va manfaatlarini ta’minlash yuzasidan keyingi yillarda ikkita qonun, 30 ga yaqin farmon va qaror qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishlarida ham ko‘plab muhim vazifalar belgilab berilmoqda. Ularning ijrosi yuzasidan viloyatimizda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Sizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlab, huquq va qonuniy manfaatlaringizni himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolliklaringizni yanada oshirish, bandlik masalalaringizni yechish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishingizga ko‘maklashish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash biz rahbarlarning muhim vazifamizga, xotin-qizlar baxtli bo‘lsa, yurtimiz obod va osuda, hayotimiz farovon bo‘ladi, degan so‘zlar kundalik shiorimizga aylandi. Eng muhimi bu borada olib borilayotgan barcha ishlar Sizlarning jamiyatimizdagi obru-e’tiboringizni yuksaltirib, turmush darajalaringizni oshirishga yo‘naltirilgani quvonarlidir.

Aziz onaxonlar, mehri daryo ayollar,muhtaram opa-singillar!

Sizlarni yana bir bor bayram bilan qutlab, doimo sog‘-salomat yurishingizni, oilangiz baxti butun, xonadoningiz fayzli va hayotingiz quvonchlarga to‘la bo‘lishini tilayman.

Barchangizga hamisha xalqimiz va Vatanimizning yuksak mehri, ardog‘ida bo‘lish nasib etsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

 

Ulug‘bek QOSIMOV,
Surxondaryo viloyati hokimi

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.