Shavkat Mirziyoev ishtirokida Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Prezident viloyatda oxirgi besh yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida 15 mingdan ziyod korxona ishga tushganini aytdi.

“Bugun yig‘ilishdan keyin ishga tushiriladigan 6 ta korxonada ham qo‘shimcha 2 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard so‘m, eksportiga 20 million dollar qo‘shiladi. 2022 yilda ishga tushgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” mikro GESlarida yiliga 201 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilmoqda. Bugun ishga tushadigan “To‘palang GES”da yiliga yana 467 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish qo‘shiladi”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, viloyatda:

302 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi;

1 ming kilometr xalqaro va 3 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi.

“Eng asosiysi, odamlarimiz va tadbirkorlarda kelajakka ishonch paydo bo‘ldi. Endi, ko‘nglimdagi bitta gapni aytsam. Agar yana bir-ikki yil birgalikda qattiq ishlasak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o‘sish bo‘ladi. Shu bois, 13 ta tuman hokimi lavozimiga respublika idoralarida ishlagan, malakali kadrlarni qo‘ydik.

Bugungi sessiyada Surxondaryo viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masalani ko‘rib chiqishimiz kerak. Viloyat deputatlari va faollari bilan maslahatlashib, viloyat hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Qosimov Ulug‘bek Berdiqobilovich nomzodini bu lavozimga taklif qilaman. Ulug‘bek Qosimovga berilgan qisqa vaqt va imkoniyat Surxondaryodagi vaziyat va aholi tashvishlarini chuqur o‘rganish uchun yetarli, deb hisoblayman”, — dedi Shavkat Mirziyoev. 

Prezident viloyatda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish masalasiga to‘xtaldi. Davlat rahbari viloyatda 102 ming rasmiy ishsiz bor ekanligini aytdi.

“Ishsizlar Sariosiyo (8,2 ming nafar), Sho‘rchi (8 ming), Oltinsoy (7,2 ming) va Muzrabotda (5,3 ming) yuqori. Sariosiyoda 8 ta, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘onda 7 tadan, Denovda 6 ta, Oltinsoy va Sho‘rchida 4 tadan, jami 43 ta mahallada tadbirkorlik sust.

Shuningdek, Boysun, Muzrabot, Uzun, Sherobod va Sho‘rchi 4-toifaga, Bandixon, Qiziriq va Oltinsoy 5-toifaga kiradi. Bu tuman va mahallalarda bandlikni ta’minlash va aholi sharoitini yaxshilash bo‘yicha yetarli imkoniyat va imtiyozlarni qilib berdik”, — dedi Shavkat Mirziyoev.

Viloyatda 1 iyulgacha oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 1,1 trillion so‘mga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Jarqo‘rg‘ondagi Biznes va yengil sanoat hamda Uzundagi Qishloq xo‘jaligi texnikumlari bo‘sh binolarida 1 ming o‘quvchi o‘rniga ega monomarkazlar tashkil qilinadi.

Bir hafta muddatda tadbirkorlik sust 43 ta mahallada mikro-markazlar tashkil qilinib, u yerdagi loyihalarga yana 80 milliard so‘m imtiyozli kredit yo‘naltiriladi. 1 iyulga qadar 118 ta og‘ir mahallada kasanachilik loyihalari boshlanib, 10 ming aholi band qilinadi.

2023 yilda mehnat bozoriga kirib keladigan 50 ming Surxondaryolik yoshlarning 14 ming nafariga 350 milliard so‘m kredit beriladi, 16 ming nafariga dehqonchilik uchun yer ajratiladi ca 10 ming nafari bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi.

Yordamga muhtoj 18 mingdan ziyod ayollar kasbga o‘qitilib, mehnat qurollari uchun 15 milliard so‘m, subsidiya ajratish orqali 3 ming nafar xotin-qizlar band qilinadi. Tadbirkor bo‘lish istagidagi 10 ming nafar ayollarga 200 milliard so‘m kredit ajratiladic 5 ming nafari uy sharoitida kasanachilikka jalb qilinadi.

Shuningdek, 2023 yilda mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish orqali 31 ming aholi, kasanachilikda salohiyati bor 212 ta mahallada yangi tizim orqali mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 31 ming aholi, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil qilish orqali 4 ming aholi, 20 ming aholi esa, yangi kasblarga o‘qitib, o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlanadi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Prezident viloyat faollarining bildirgan fikrlari asosida Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Qosimov Ulug‘bek Berdiqobilovich nomzodini tavsiya etdi.

Nomzodning viloyatda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish, qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirish, ijtimoiy sohadagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalari eshitildi va muhokama qilindi.

So‘ng Surxondaryo viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Prezident sessiyada bildirilgan reja va takliflardan kelib chiqib, yangi hokim va mutasaddilar oldida viloyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha turgan vazifalarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.