Oltinsoyda ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish loyihalari bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy soha, xususan, tibbiyot, ta’lim va yoshlar bandligini ta’minlash, muassasalar faoliyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Oltinsoy tumaniga tashrif buyurdi. Dastlab, tuman tibbiyot birlashmasida qurilish-ta’mirlash hamda ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasiga aylantirish ishlari bilan tanishildi.
Shu yerning o‘zida "Zoom" platformasi orqali "Bo‘ston" oilaviy poliklinikasining yangilangan binosi foydalanishga topshirildi hamda viloyat bo‘yicha 25 ta tibbiyot maskani va 26 ta maktab binolarini ta’mirlash ishlariga start berildi. Mutasaddilarga loyihalarni sifatli amalga oshirish va belgilangan muddatda foydalanishga topshirish vazifalari yuklandi.
Shundan so‘ng, Oltinsoy tumani politexnikumi faoliyati bilan tanishildi va shu yerning o‘zida hududlardagi 10 ta politexnikumda "dual" ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohasini yo‘lga qo‘yish orqali byudjetdan tashqari mablag‘ topish yuzasidan taqdimotlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, o‘z binosiga ega bo‘lmagan 53 ta mahallaga bino qurish loyiha takliflari taqdimot qilindi. Mutasaddilarga loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va tender orqali salohiyatli quruvchilarni aniqlab, ishlarni boshlash vazifasi topshirildi.
Keyingi manzilda "Qorliq" mahallasida joylashgan 64-sonli maktabda o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatish ishlari bilan tanishildi. Ta’lim muassasasida viloyatdagi 30 ta eng past ko‘rsatkichli maktablar direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar majmuasi tashkilotlarining joriy yil 1-choragidagi vazifalari muhokama qilindi.
Viloyat rahbari ushbu mahallada yangidan ta’mirlangan 56-sonli oilaviy poliklinikasi filialining ochilish marosimida ishtirok etib, faollar va nuroniylar bilan suhbatlashdi. Nuroniylar mahallada amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, maktab va tibbiyot maskani hamda yo‘llar ta’mirlangani, aholiga qulayliklar yaratilgani uchun davlatdan minnatdor ekanliklarini bildirishdi. Viloyat rahbari mutasaddilarga asfaltlanmay qolgan 5 km yo‘lni ta’mirlash topshirig‘ini berdi.
Tumanga tashrif yakunida "Oltinsoy innovator" MCHJ tomonidan sanoatlashgan bog‘ va uzumzor tashkil etish loyihasi bilan tanishildi. Umumiy qiymati 33,8 mlrd so‘m, maydoni 325 gektar bo‘lgan loyihani joriy yilda ishga tushirish va 325 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha Prezidentimizning sanoatlashgan "in-vitro" bog‘lari yaratish tajribasini ommalashtirish yuzasidan bergan topshiriqlariga asosan amalga oshirilayotgan bo‘lib, ishga tushgach lotlarga ajratiladi hamda ishsiz fuqarolarga imtiyozli kredit asosida beriladi.