Surxondaryoda onalik va bolalikni muhofaza qilish yuzasidan parlament nazorati o'rnatildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida oilaviy, qishloq oilaviy poliklinikalarida onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonunchilikka rioya etilishi, yaratilgan sharoitlar, davolash metodikasi va qonunchilikda mavjud bo'shliqlar o'rganilmoqda.

Oliy Majlis Senati Sud, huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo'mitasi o'rganishlar yuzasidan joyida parlament nazoratini o'rnatib, nazorat-tahlil ishlarini olib bormoqda.

Ishchi guruh a'zolari dastlab Termiz shahridagi ikkinchi oilaviy poliklinikada bo'lib, patronaj tizimi bilan tanishdi, elektron poliklinikaga o'tkazish jarayoni bilan qiziqdi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi ishlarning qay darajada tashkil etilgani o'rganildi. Viloyat markazidagi yangidan barpo etilayotgan birinchi va to'rtinchi oilaviy poliklinikalarda bo'lib, bu yerda yaratilayotgan sharoitlar ko'zdan kechirildi.


Ishchi guruh a'zolari bugun vohaning Bandixon va Muzrabot tumanlaridagi qishloq oilaviy poliklinikalari faoliyati bilan tanishmoqda.

– Aholiga tibbiy xizmatlar ko'rsatishdagi birlamchi bo'g'inda onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlarini sifatli tashkil etish jismonan sog'lom avlodni ulg'aytirishning asosiy omillaridan biridir, – deydi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori D.Boymatov. – Bu boradagi ishlar bilan tanishish chog'ida hududlarda bolalar o'limining sabablarini ham tahlil qilayapmiz. Shuningdek, oilaviy poliklinikalarning zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta'minlanganlik darajasi va ehtiyojlarini o'rganayapmiz. Amaldagi qonunlarimizni mustahkamlash maqsadida tajribali tibbiyot xodimlarining fikr-mulohazalarini tinglayapmiz. Maqsadimiz – soha rivojiga har taraflama ko'maklashishdan iborat.

Ishchi guruh a'zolari ertaga ham o'z ishini davom ettiradi.

 

2 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.