Surxondaryoda mo''tabar ayollar, munis opa-singillar sharaflandi

Surxondaryo viloyat hokimligida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi.

Tadbirda viloyat hokimi To'ra Bobolov munis onaxon va opa-singillarimizni bayram bilan tabriklab, 17 nafar ayolga «Mo''tabar ayol» ko'krak nishoni va qimmatbaho sovg'alarni topshirdi.

Mamlakatimizda so'nggi yillarda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, bilim va kasbiy ko'nikmalar egallab, munosib ish topishlariga ko'maklashish, salomatligini saqlash, uy-joy bilan ta'minlash kabi muhim masalalarni hal etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Davlat darajasida ko'rsatilayotgan g'amxo'rliklar munis opa-singillarimizni yangi O'zbekistonni barpo etishning barcha sohalarida faol ishtirok etib, Vatanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo'shishga undayotir.

Surxondaryoda ham bu borada keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda voha aholisining 1 million 329 ming nafari yoki 49,6 foizi xotin-qizlardir. Ularning manfaatlarini ta'minlash va jamiyat hayotidagi o'rnini mustahkamlashning muhim vazifalari belgilab olingan.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 26 fevralь kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishi xotin-qizlarning muammolarini hal etish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar natijadorligini ta'minlashda asosiy yo'nalishlarni belgilab berdi. Shunga muvofiq viloyatda «ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini yechish, bandligini ta'minlash, tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish borasida tizimli ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, vohada «Ayollar daftari»ga 28 ming 928 nafar xotin-qiz kiritilgan.

Birgina joriy yilning ikki oyida ularning 3 ming 566 nafariga manzilli yordamlar ko'rsatildi. Mazkur yo'nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, 9 ta mezon asosida ayollarni ish bilan ta'minlash, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish chora-tadbirlari ko'rilmoqda. Uy-joyga muhtoj 118 xotin-qiz uchun uy barpo etilayotir.

Mamlakatimizda mo''tabar ayol zoti har taraflama ulug'lanib, mehnati munosib qadrlanmoqda. Prezidentimizning joriy yil 4 martdagi «8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to'g'risida»gi farmoniga ko'ra, bir guruh surxondaryolik faol opa-singillar, mo''tabar onaxonlar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangani ham bunga yaqqol misoldir.

Tantanali tadbirda bir guruh fidoyi xotin-qizlar viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi.

Tadbirda so'zga chiqqan xotin-qizlar ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.