Surxondaryoda “mahallabay” ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda

Termiz shahrida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Surxondaryo viloyatida “mahallabay” ishlashning yangi tizimini tashkil etish masalalariga bag'ishlangan seminar tashkil etdi.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar doirasida o'tkazilgan amaliy mashg'ulotlarda viloyat, tuman, shahar sektorlari rahbarlari, viloyat, tuman, shahar hokimlari o'rinbosarlari, viloyat mutasaddi tashkilotlari, tuman, shahar tijorat banklari, mahallalarga biriktirilgan muassasalar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig'inlari raislari ishtirok etdi.

Prezidentimiz 2020 yil 12-13 dekabrь kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog'ida mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning odamlar hayotidagi ahamiyatini oshirish, mahallani aholiga yanada yaqinlashtirib, sohaga “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyilini tatbiq etish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab bergan edi. Joriy yilning 4-5 fevralь kunlari Farg'ona, 18-19 fevralь kunlari Namangan viloyatlariga tashrifi davomida bu masalaga alohida e'tibor qaratildi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda mahallani yanada qo'llab-quvvatlash va har tomonlama rivojlantirish, uni aholiga yaqin maslakdosh tuzilmaga aylantirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo'nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar mahallaning jamiyatdagi obro'-nufuzini yanada oshirib, xalq bilan davlat o'rtasidagi ko'prikka, odamlarning quvonchu tashvishlari, muammolariga yechim topadigan, dardini, taklifini tinglaydigan, tashabbuslarini qo'llab-quvvatlaydigan noyob institutga aylantirmoqda.

Bu jarayonda barcha ishlar “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida tashkil etilib, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo'yicha yangi tizim yaratilayotgani o'zini o'zi boshqarish organi yetakchisini o'z hududida islohotchi shaxsga aylantirishga xizmat qilmoqda. Endilikda “tepadan – pastga” ish tizimidan farqli ravishda iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, mahalla raisiga yordamchi etib tayinlandi va ularga o'z sohasiga oid masalalarni yechish vazifasi yuklatildi.

Seminarda viloyat hokimi birinchi o'rinbosari F. Mamanov, Davlat boshqaruvi akademiyasining birinchi prorektori X.Azizov ana shu haqda atroflicha fikr yuritdi.

Ayni paytda vohada har bir mahallaning muammolarini uch toifaga tasniflagan holda “drayver” va boshqa “o'sish nuqtalari” aniqlanmoqda. Mahallani iqtisodiy rivojlantirishdagi kamchilik va to'siqlarni bartaraf etish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish ob'ektlarining uzluksiz faoliyat yuritishi hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalardagi ishsizlar bandligini ta'minlash singari muhim vazifalar belgilab olinayotir. Buning uchun viloyatning barcha tumanlarida xususan, Angor tumanida sabzavotchilik va terini qayta ishlash, Termiz tumanida turizmni rivojlantirib, yo'l bo'yi infrastruktura obьektlarini qurish, Muzrabot tumanida chorvachilik va issiqxonani rivojlantirish, Bandixon tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish kabi “o'sish nuqtalari” aniqlangan.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga vazirlik va banklar rahbarlariga tumanlarning “o'sish nuqta”lari negizida quyi bo'g'in, ya'ni har bir mahalla, ko'cha va xonadonning o'sish nuqtalarini ishlab chiqish tavsiya etilgan. Viloyatni rivojlantirishning mahallabay kesimdagi yechimi va rejalashtirilgan loyihalarning to'liq amalga oshirilishi kelgusida 30 mingdan ortiq ish o'rni tashkil etish imkonini beradi.

Seminarda O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o'rinbosari A.Kamalov “mahallabay” ishlashda tijorat banklarining roli va vazifasi, Davlat boshqaruvi akademiyasining Qarshi filiali direktori E.Ibragimov uch bo'g'inli “mahallabay” yangi tizimining mazmun mohiyati, “Mahalla raisi - islohotchi” tamoyilining joriy etilishi mavzularida ma'ruza qildi.

Shuningdek, ishtirokchilar Davlat boshqaruvi akademiyasi bir guruh professor-o'qituvchilarining “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirish, yuritish, ehtiyojmand shaxslarni daftarlardan chiqarish tartibi, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, servis va xizmat ko'rsatish borasida tadbirkorlik kooperatsiyalarini yo'lga qo'yish, mahallalarda drayver sohalarni belgilash, subsidiya va kompensatsiya mexanizmlaridan samarali foydalangan holda fuqrolarni tadbirkorlikka yo'naltirish, aholi tomorqalariga xizmat ko'rsatish yo'nalishlarini tashkil etish, mavjud bo'sh bino va yer uchastkalaridan samarali foyalanish , kichik sanoat zonalarida yangi loyihalar bo'yicha maslahatlar berish, mahalanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, tasdiqlash, ijrosini ta'minlash, monitoring qilish va muvofiqlashtirish masalalari mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan ma'ruzalarini tingladi. Mavzular yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

5 izoh

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.