Hududlarda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov yirik loyihalarning texnik iqtisodiy asoslari muhokamasidan so‘ng, Angor, Bandixon va Qumqo‘rg‘on tumanlarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, korxonalar faoliyati bilan tanishdi hamda yangi ishlab chiqarish nuqtasi ochilishida ishtirok etdi.

Xususan, Angor tumanida charmga ixtisoslashgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi qurilishi hamda tuman markazida barpo etilgan, qiymati 174 mlrd so‘mni tashkil etuvchi “Angor index” ulgurji savdo majmuasida tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Majmuaga tadbirkorlarni jalb qilish borasida mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Shuningdek, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi. Viloyat rahbari majmua hududida ko‘rpa-to‘shaklar savdosini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor faoliyati bilan ham tanishdi.

Viloyat rahbarining hududlarga tashrifi Bandixon tumanida davom etdi. Tashrif davomida “Bandixon agroklaster” MChJning sun’iy tola aralashmali ip kalava ishlab chiqarish loyihasida xorijdan keltirilgan uskunlarni o‘rnatish jarayonlari, 27 gektar maydonda tashkil etilayotgan “Bektepa-3” kichik sanoat zonasida olib borilayotgan qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, kichik sanoat zonasida tashkil etilgan avtomobil chexoli ishlab chiqarish korxonasi ochilishida ishtirok etildi.

Tumanga tashrif yakunida 30 ta ish o‘rni yaratilishi kutilayotgan, qiymati 3,2 mlrd so‘m bo‘lgan asfalt ishlab chiqarish zavodi qurilishi ko‘zdan kechirildi. “Kakaydi sardorlari” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha joriy yil oktabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurib, “Qumteks Invest” MChJning sun’iy va ingichka paxta tolasidan aralashmali ip yigiruv, mato to‘quv hamda pardozlash loyihasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Umumiy qiymati 72,5 mln yevro bo‘lgan loyihada xorijdan keltirilgan uskuna va jihozlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. To‘liq quvvatda 1 150 ta ish o‘rni yaratilishi maqsad qilingan loyiha ikki bosqichda - 2024-2025 yillarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tumanning Bog‘aro mahallasida “Sanoat ipotekasi” asosida tashkil etilayotgan “Bog‘aro yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi”ni tashkil etish hamda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi taqdimotlari bilan tanishildi. Viloyat rahbari ishlarni jadallashtirish, 200 ta ish o‘rni yaratiladigan yoshlar tadbirkorligi va sanoat zonasini qisqa muddatlarda ishga tushirib, yosh tadbirkorlarning loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish lozimligini ta’kidladi.

Tashrif yakunida viloyat hokimi rahbarligida “Farmasevtika” va “Elektrotexnika” yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ko‘rib chiqilib, viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida muhokama qilindi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.