Olis va chekka mahallalarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokama etilmoqda
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bugun Sariosiyo va Uzun tumanlarining chekka hududlarida bo‘lib, faol ayollar, nuroniylar hamda yoshlar bilan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvlarini davom ettirdi.
Sariosiyo tumani Turmushobod mahallasidagi 45-maktabda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Galabuta, Turmushobod, Hamkorlik, Shirin, Shohiqishloq, Diydor mahallalari Bog‘i Samarqand mahallasidagi 71-maktabda o‘tgan uchrashuvda Daragiston va Bog‘i Samarqand mahallalari vakillari qatnashdi.
Muloqotda viloyat rahbari Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, keyingi yillarda barcha sohalarda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar haqida atroflicha fikr yuritdi. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari, chekka hududlardagi tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga qaratilayotgan e’tibor, yosh avlodning noyob iste’dodini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi.
– Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan yangilanishlar har birimizning hayotimizda o‘z aksini topmoqda,–dedi To‘ra Bobolov. –Bularning barchasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liqligini his etmayotgan inson bo‘lmasa kerak. Barchamiz birdek orzu qilgan bu islohotlar bundan 30 yil ilgari qabul qilingan Asosiy qonunimizga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritishni taqozo etdi. Siyosiy bu jarayonni qo‘llab-quvvatlayotgan faol fuqarolarimiz o‘zlarining taklif va tavsiyalarini ochiq bildirmoqda. Shunga asosan inson qadrini ulug‘lash, sud-huquq tizimini isloh, ta’lim sifatini nazorat qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash kabi muhim masalalarga doir ko‘plab takliflar ilgari surilgan. Endilikda amaldagi Konstitutsiyadagi 128 ta moddaning 58 tasiga 200 ga yaqin o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish kutilmoqda.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Prezidentning Sariosiyo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudirasi Oydin Jo‘rabekova, shoir Ahtamqul Karimov, mehnat faxriysi Abdug‘affar Kassirov, Qobil Qurbonov va boshqalar so‘zga chiqib, tubdan o‘zgarayotgan turmushimizga xos Bosh qomusimizning o‘zgarishi ham hayotiy zarurat ekanini alohida e’tirof etdi. Keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh, chekka qishloqlarni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Islohotlar har bir xonadonga kirib borayotgani faxr bilan e’tirof etildi.
– Yangilanishi kutilayotgan Konstitutsiyamizning ijodkorlari tom ma’noda halqimiz bo‘lmoqda,–dedi 1-maktab o‘qituvchisi Madina G‘ofurova.– Masalan, men Asosiy qonunimizda Prezidentimiz vakolatini uzaytirish, pedagoglar maqomini oshirib, huquqlarini mustahkamlaydigan norma kiritilishini taklif qilgan edim. Bu takliflarim loyihada aks etgani va oddiy fuqarolar taklifi inobatga olinayotganidan faxr hissini tuydim. Buni so‘nggi yillardagi ochiqlik, oshkoralik siyosati va inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi namunasi, deb bilaman. Barchani qonun loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishga undayman.
Tadbir yakunida mahallalar yoshlari o‘rtasida “Besh tashabbus” loyihasi doirasida o‘tkazilgan bellashuvlar g‘oliblariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati