Surxondaryolik hunarmand-zargar Abdulatif Majidov “Eng yaxshi zargar” maqomini qo‘lga kiritdi

Prezident farmoni bilan 2 yilda bir marta o‘tkaziladigan "Xalqaro zardo‘zlik, zargarlik va kashtachilik san’ati" festivali bu yil birinchi marta Buxoro viloyatida o‘tkazildi.

Unda Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad-al-Kaddumi tashrif buyurdi. Festivalda 58 ta davlatdan 221 nafar xorijlik va 288 nafar mahalliy hunarmand ishtirok etdi.

Ushbu ishtirokchilar orasidan vohadoshimiz hunarmand-zargar Abdulatif Majidov faxrli birinchi o‘rinni egallab, “Eng yaxshi zargar” maqomini qo‘lga kiritdi. G‘olibga maxsus diplom hamda 1300 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti topshirildi.

Yana bir vohadoshimiz, kashtachi-hunarmand Muhayyo Ulasheva festivalning "Eng yosh kashtachisi" naminatsiyasi g‘olibi deb topildi. Unga ham maxsus diplom va 1200 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti berildi.

Ma’lumot uchun, mazkur festivalni o‘tkazishdan maqsad ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini yanada kengroq namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat.