Bandixonlik fuqarolarning murojaatlari tinglandi

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov kunning ikkinchi yarmida sayyor qabullarni Bandixon tumanida davom ettirdi.

Bandixon tumani “Chinor” mahallasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyat hokimi 63 nafar fuqaroning 74 ta masaladagi murojaatlarini qabul qildi. Qabul qilingan murojaatlarning 22 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etib berildi.

Jumladan, “Birdamlik” mahallasida istiqomat qiluvchi Komil Ergashevning 1 km suv quvuri tortib berishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati viloyat hokimi tomonidan shu yerning o‘zida hal etilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Sayyor qabulga bir emas ikki masalasining hal bo‘lishiga umid bilan kelgan Zulayho Bobomurodovaning ikkala murojaati ham ijobiy yechim topdi. Endilikda u yashaydigan “Obod turmush” mahallasi Tinchlik ko‘chasiga 2 km ichimlik suvi quvuri tortiladi va ko‘chaning 1 km tuproq yo‘llari toshlanadi.

Shuningdek, Qumqo‘rg‘onlik sport murabbiysi Ibragim Mamatraimovning shogirdi Rohatoy Banatovaning joriy yil 1-2 dekabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga borib-kelish xarajatlari uchun 15 mln so‘m mablag‘ ajratishni so‘rab qilgan murojaati ham ijobiy hal etildi.

Fuqarolar murojaatlarini joyiga borgan holda o‘rganish, qonuniy murojaatlarning yechimini topish maqsadida viloyat hokimining joylardagi sayyor qabullari davom etadi.