Sherobodda sayyor qabul: 200 xo‘jalikning oqova suv ta’minoti yaxshilanadi

Viloyat hokimining aholi bilan uchrashuvi kunning ikkinchi yarmida Sherobod tumani “Guliston” mahallasida joylashgan 2-son kasb-hunar maktabida bo‘lib o‘tdi.

Sayyor qabulda viloyat hokimi 37 nafar fuqaroning bandlik, ichimlik suvi, ichki yo‘llar ta’miri, elektr va gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot kabi turli masalalarga oid 52 ta murojaatini qabul qildi. Qabul qilingan murojaatlarning 15 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.

Jumladan, Sherobod tumani “Guliston” mahallasida yashovchi Ochil Choriyev Oqko‘prik qishlog‘idagi 200 ta xo‘jalikning oqova suv ta’minotini yaxshilash uchun yo‘l ostidan quvur yotqizilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Viloyat hokimi mas’ullarga zarur mablag‘larni ajratib, oqova suv ta’minotini yaxshilash masalasini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, ushbu mahallada yashovchi Gavhar Shonazarovaning 2 marta insult olib yotib qolgan otasi Ziyobiddin Shonazarovga nogironlik aravachasi ajratish masalasidagi murojaati shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.

Sayyor qabulda kelib tushgan murojaatlarning 37 tasi qo‘shimcha o‘rganish va mablag‘ talab etganligi sababli, mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

Fuqarolar murojaatlarini joyiga borgan holda o‘rganish, qonuniy murojaatlarning yechimini topish maqsadida viloyat hokimining joylardagi sayyor qabullari davom etadi.