Hokimlik soati: Surxondaryo viloyatida 2022-2023 yillarda 438 ta mahallaning infratuzilmasi yanada yaxshilanadi
Bugun, 14 noyabr kuni viloyat hokimligida videoselektor tarzida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, hokimlik apparati mas’ul xodimlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshqarib bordi. Ijro intizomi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va yig‘ilish bayonlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarining viloyatdagi ijrosi ahvoli muhokama qilindi.
Ijro intizomiga rioya qilmagan, muddati kelgan topshiriqlar ijrosini muddatida tizimga biriktirmagan mas’ullar qattiq tanqid qilinib, viloyat hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlariga yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va ijro bo‘yicha xodimlarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Viloyatda “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida joriy yil 20 oktabrdan 1 dekabrgacha “Dolzarb 40 kunlik” davomida 6 mln. 5 ming dona kuzgi manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Ekilgan daraxt ko‘chatlarini hisobga olish, mas’ul biriktirish va kelgusida parvarishini nazorat qilib borish uchun maxsus platforma ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu platformaga kiritilgan va ekilgan daraxtlar soni rejaga nisbatan kam ekanligi qayd etildi.
“Dolzarb 40 kunlik” yakuniga ham oz muddat qolganligini inobatga olib, bu boradagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha shahar va tumanlar hamda sektorlarga viloyat tashkilotlaridan mas’ullar biriktirilib, tegishli topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-408-son qaroriga asosan Respublika hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minotini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaxshilanadi.
Yig‘ilishda ushbu ishlarni viloyatda sifatli tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, Surxondaryo viloyatining 438 ta mahallasida 2022-2023 yillar davomida 532 ta tadbir amalga oshiriladi va bu uchun 423, 2 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy, 2022 yilda esa mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 162,2 mlrd so‘m yo‘naltiradi va bu boradagi ishlar yaqin kunlar ichida boshlanadi.
Mazkur ishlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi va viloyat hokimi mas’ullarga har bir mahallada ishlarni o‘z muddatida amalga oshirishni, aholi amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni o‘z hayotida xis etishlari lozimligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, 2022-2023 yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi yuzasidan o‘tgan muhokama yig‘ilishlarida berilgan vazifalar ijrosi shahar va tumanlar kesimida ko‘rib chiqildi.
Ushbu masala doimiy kun tartibida bo‘lishi, uning ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar qattiq jazolanishi hamda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilish so‘ngida viloyatda eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi, shahar va tumanlar kesimida belgilangan prognoz-rejalarning ijrosi muhokama qilindi. Bu bora olib borilayotgan ishlar bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglandi hamda eksportni ko‘paytirish, eksportyorlar va eksportbop mahsulot yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.