To‘ra Bobolov Poshxurt mahallasida bo‘ldi
Kuni kecha Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Sherobod tumani markazidan 45 km uzoqlikda joylashgan Poshxurt mahallasidagi 33-sonli maktabda umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga bag‘ishlangan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Uchyog‘och va Poshxurt mahallalari nuroniylari, faol xotin-qizlari va yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Konstitutsiyaviy islohotlarning huquqiy asoslari, tashkiliy-amaliy tadbirlar, takliflarni qabul qilish va ko‘rib chiqish jarayonlari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ishlab chiqilishi va umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbirda nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari so‘zga chiqib, qonun loyihasi haqida fikr-mulohaza yuritdi. Mahallalari, xonadon va o‘z hayotlarida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni alohida e’tirof etib, tinch, to‘kin turmushdan mamnun ekanliklarini qayd etdi.
Tadbir doirasida mahallalar yoshlari o‘rtasida tashkil etilgan milliy o‘yinlar hamda shaxmat-shashka musobaqalari g‘oliblari pul mukofoti va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, viloyat hokimi ushbu mahallalardagi “beshlik” faoliyati bilan tanishib, hudud sharoitidan kelib chiqib, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, maxsus daftarlardagi fuqarolar bilan individual ishlash hamda aholi daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.