Surxondaryoda harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kalitlari topshirildi

Mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar shayligini yanada oshirish maqsadida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday e’tibor viloyati markazidan olis bo‘lgan Sherobod tumanida joylashgan harbiy qismda xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilarga qaratildi.

Harbiy xizmatchilarning oilalari uchun 32 xonadondan iborat yangi uylarning kalitlari tantanali tarzda topshirildi.

Ochilish marosimida Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik P.Sativaldiev, viloyat xokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etishdi.

Mehmonlar yangi xonadonlarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar uylariga kirib, sharoitlar bilan tanishdi. Zamonaviy loyihalar asosida qurilgan, ikki va uch xonadan iborat bo‘lgan bu uylarda harbiy xizmatchilarning farovon turmush kechirishi uchun barcha qulayliklar yaratilgani e’tirof etildi.