2022 yilda Surxondaryoda 22 nafar yoshlar uy-joyli bo‘lishdi
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar alohida e’tiborga olinib, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilindi. Jumladan, “Mehr daftari” platformasi ishga tushirilishi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularga ko‘mak ko‘rsatish ishlarini manzilli yo‘naltirishga imkon bermoqda.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan bo‘lib, joriy yilda Surxondaryo viloyatida ushbu qaror ijrosini ta’minlash, voyaga yetgan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 22 nafar yoshlar uy-joy bilan ta’minlandi.
Jumladan, Termiz tumanida istiqomat qiluvchi, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan Ulug‘bek Musoqulov va Umida Ubadullayevaga tumanning “Yangiyer” mahallasida yangidan qurilgan, barcha zamonaviy shart-sharoit hamda zaruriy maishiy texnikalar bilan jihozlangan holda xonadon kalitlari tantanali topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimligi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, tuman hokimligi vakillari va nuroniylar ishtirok etishib, yoshlarni yangi xonadon bilan qutlashdi va ushbu uylarda baxtli hayot kechirishlarini so‘rab duo qilishdi.