Sariosiyo tumani markaziy shifoxonasida bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumaniga tashrifini tuman tibbiyot birlashmasining markaziy shifoxonasi faoliyatini o‘rganish bilan davom ettirdi. Viloyat rahbari shifoxonada yotgan bemorlar holidan xabar olib, ular bilan suhbatlashdi va yaratilgan sharoitlar, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati haqidagi fikrlarini tingladi.
Viloyat hokimi shifoxonani ko‘zdan kechirar ekan issiqlik tizimining ishlash holatini o‘rgandi. Mas’ullarga shifoxonada yotgan bemorlar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish, qiynalgan, qo‘shimcha dori-darmonlarni xarid qilishga imkoni yo‘q oilalarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, shifoxona hududidagi dorixonalarda olib borilayotgan qurilish ishlarini o‘rganish va arxitektura talablariga rioya qilinishini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Keyingi manzilda tumanning “Lutfikor” mahallasi hududida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Loyiha hududida 19 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilishi belgilangan bo‘lib, ushbu binolarning bittasida qurilish ishlari to‘xtab qolgan.
Viloyat rahbari mazkur qurilish ob’ektini qayta savdoga chiqarish masalasini sud tartibida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha mas’ullarga vazifa yukladi. Shuningdek, muhim infratuzilma ob’ektlari, jumladan, maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasasi ham qurilishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi qurilish ishlarini sifatli bajarish, kuni-kecha Angor tumanida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, turar-joy binolarini barcha qulayliklarga ega bo‘lishiga e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha mutasaddilarga vazifalarni belgilab berdi.