Hududlarda ishsiz fuqarolarga takroriy ekin uchun yer maydonlari ajratish ishlari Qumqoʼrgʼon tumanida davom ettirildi. Tumandagi “Аmuzang gʼallakori” fermer xoʼjaligi dalasida viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov tuman sektor rahbarlari, qishloq xoʼjaligi masʼullari, nuroniylar va fermer xoʼjaligi ishchilari hamda fuqarolar bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Gʼalladan boʼshagan yer maydonlari kam taʼminlangan, “daftarlar”da turgan va ishsiz 15 nafar fuqaroga shudgorlangan, ekin ekishga tayyor holda, hosildor urugʼlar bilan birga 20 sotixdan ajratib berildi. Shuningdek, fermer xoʼjaligining ilgʼor dala ishchilari, suvchilar va kultivatorchilarga maishiy texnikalar topshirildi. Fermer xoʼjaligi tomonidan kam taʼminlangan oilalarga 200 kilogramdan bugʼdoy berildi.

Tadbirda ehson uchun jonliq soʼyilib, qurʼon tilovat qilindi. Yurt tinchligi, aholi farovonligi va yaxshi niyatlar bilan boshlangan ekinlar hosildorligini soʼrab duoga qoʼl ochildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati