Qiziriq tumani “Istiqlol” oilaviy shifokorlik punktining yangilangan binosi foydalanishga topshirildi
Qiziriq tumani “Istara” mahallasida joylashgan tibbiyot muassasasi binosi 1,1 mlrd soʼm mablagʼ evaziga rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy sharoitlar bilan taʼminlandi hamda muassasa oilaviy shifkorlik punktiga aylantirildi. Bugun mazkur tibbiyot maskanining yangilangan binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etib, muassasada yaratilgan sharoitlar, “Elektron poliklinika” tizimini joriy etish ishlari, aholi tibbiy xizmat koʼrsatish jarayonlari bilan tanishdi. Masʼullar tomonidan tibbiy xizmatlar koʼrsatish jarayonlarini raqamlashtirish, kelib tushgan murojaatlarga asosan kasalliklar dinamikasi toʼgʼrisida axborot berildi.
Аholiga tibbiy xizmat koʼrsatish sifatini yaxshilash maqsadida “Istiqlol” oilaviy shifokorlik punktiga kompyuter jamlanmalari, UZI va EKG apparatlari, tibbiy jihozlar hamda patronaj hamshiralarga planshetlar topshirildi.
Viloyat rahbari shu yerning oʼzida mahalla nuroniylari va faollari bilan ham suhbatlashdi. “Istara” mahallasida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli bunyodkorlik ishlaridan mamnun boʼlgan nuroniylar davlatimizdan minnatdor ekanliklarini bildirishib, duoga qoʼl ochishdi.