Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimovning navbatdagi tadbirkorlar qabuli murojaatlarni kengroq qamrab olish maqsadida shahar va tumanlar studiyalari orqali onlayn formatda tashkil etildi.
Qabul avvalida tadbirkorlar muammolarini oʼrganish va hal qilish boʼyicha 47 ta tashkilot vakillaridan iborat viloyat Ishchi guruhi hamda “Call-tsentr” faoliyati yoʼlga qoʼyilishi maʼlum qilindi. Ishchi guruhi aʼzolarining tadbirkorlar muammolarini oʼrganishdan tortib, hal etishgacha boʼlgan barcha bosqichdagi vazifalari tushuntirildi. Shuningdek, tadbirkorlar murojaatlarini oʼz vaqtida koʼrib chiqilishi va hal etilishini nazorat qilish viloyat prokuraturasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Qabulda hududiy studiyalardan ishtirok etayotgan 400 dan ortiq tadbirkorning 414 ta masaladagi murojaati hudud rahbarlari va masʼullar ishtirokida koʼrib chiqildi. Masʼullarga tadbirkorlar tomonidan koʼtarilgan masalalarni hal etish boʼyicha vazifalar va chora-tadbirlar belgilab berildi.
Maʼlumot uchun, tadbirkorlar oʼzlarining muammoli masalalari yuzasidan viloyat hokimligida tashkil etilgan “Call-tsentr”ning quyidagi telefon raqamlariga haftaning dushanba-juma kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha murojaat qilishlari mumkin:
(76) 223-18-32
(76) 223-18-33
(76) 223-18-34
(76) 223-18-35