Energetika sektorini doimiy subsidiyalab rivojlantirib bo‘lmaydi

Elektr energiyasi narxi arzonligi bo‘yicha O‘zbekiston Liviya, Angola, Sudan, Qirg‘iziston, Zimbabve va Tojikistondan so‘ng dunyoda 7-o‘rinni egallaydi (Qirg‘iziston va Tojikistonda elektr energiyasining asosiy qismi GESlarda ishlab chiqariladi, shu sababli uning narxi arzonroq).

Mamlakatimizda elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent mavjud. Ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt.soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Elektr energiyasining 1 kVt soatining tannarxini 800 so‘m deb olsak, bir oyda o‘rtacha 200 kVt soat elektr energiyasi ishlatadigan xonadon oyiga 101 ming so‘m, 400 kVt soat elektr ishlatadigan xonadon esa 202 ming so‘m miqdorida shartli subsidiya olmoqda.

Misol uchun: bir paytning o‘zida 2-3 ta konditsioner, bittadan ortiq muzlatkich, kompyuter va boshqa elektr jihozlaridan foydalanuvchi, ya’ni daromadi va to‘lov qobiliyati nisbatan yuqori xonadonlar ko‘proq elektr energiyasini sarf qiladilar. Amaldagi tariflar asosan ushbu xonadonlarga katta miqdordagi shartli subsidiya berilishiga olib kelmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, respublikaning yildan yilga oshib borayotgan energo resurslar talabini barqaror va to‘liq ta’minlab borish hamda sohaga xususiy investitsiyalarning kirib kelishini ta’minlash uchun respublika energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilish zarur. Albatta islohotlarning ushbu o‘tish davrida aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya choralari ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan pensiya va bolalari uchun nafaqa oluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ta’kidlash joizki, davlat tomonidan energiya resurslari narxlarini “shartli subsidiyalash” amaliyoti saqlab qolinadi. Biroq, “shartli subsidiyalar”ni taqsimlashda ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish maqsadida “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritiladi.

Ma’lumot uchun. Energiya iste’mol qilishning ijtimoiy normasi sifatida aholi tomonidan imtiyozli tarif bo‘yicha to‘lanadigan ma’lum miqdordagi energiya tushuniladi. Ya’ni, muayyan belgilangan miqdorgacha nisbatan pastroq (imtiyozli) narxda sotiladi va bu miqdordan oshig‘i erkin bozor narxida sotiladi.

Energetika sohasidagi islohotlar tabiiy gaz va elektr energiya tariflarini ijtimoiy adolat tamoyillari asosida belgilash hamda aholi va tadbirkorlarimiz uchun energiya ta’minotining uzluksizligi va ko‘lamini kengaytirish uchun zamin yaratadi.

 

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati