Bayramga tuhfa: 62 ming aholini ichimlik suvi bilan taʼminlovchi loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirildi
Xabar berganimizdek, Termiz tumani “Sabzipoya” mahallasi hududida Termiz tumani va Termiz shahridagi 15,5 mingta xonadon, 62 ming aholini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan taʼminlovchi, qiymati 81 mlrd soʼmlik yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Bugun ushbu loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirilib, Termiz tumani markazidagi mahallalarga ichimlik suvi yetkazib berish boshlandi. Shuningdek, “Surxondaryo suv taʼminoti” MChJning Termiz tumani boʼlimi uchun yangidan bunyod etilgan bino ham foydalanishga topshirildi.
Yangi binoning ochilish marosimida viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etib, nuroniylar bilan suhbatlashdi. Nuroniylar Prezidentimizning mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratayotgan eʼtibori sabab Termiz tumanida 20 yildan buyon muammo boʼlib kelgan toza ichimlik suvi masalasi hal boʼlganligini taʼkidlashdi.
Tadbir ishtirokchilari yangi laboratoriya binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Shundan soʼng, viloyat rahbari tumanning “Yangi hayot” mahallasidagi xonadonlarda boʼlib, toza ichimlik suvi yetkazib berilishini koʼzdan kechirdi va xonadon sohiblari bilan suhbatlashdi.