Inson qadri uchun: Olis va chekka qishloq aholisi uchun “Mahalla tibbiyot punktlari” tashkil etilmoqda
Davlatimiz rahbarining tibbiyot sohasiga oid tashabbus va topshiriqlarida asosiy e’tibor aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmatni takommillashtirish, ularning moddiy texnika bazasini mustahkamlash hamda aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirishga qaratilgan.
Surxondaryoda ham birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va takomillashtirish maqsadida 2021 yilda 1 ta oilaviy poliklinika, 12 ta oila shifokorlik punkti, 2022 yilda 2 ta oilaviy poliklinika, 11 ta oila shifokorlik punkti tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilda 2 ta oilaviy poliklinika va 13 ta oila shifokorlik punkti tashkil etilishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar ularning 7 tasi o‘z faoliyati boshladi.
Barcha oilaviy poliklinikalar Osiyo taraqqiyot bankidan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan zamonaviy UZI va EKG apparatlari bilan ta’minlangan bo‘lib, joriy yilda qo‘shimcha stomatologik, xirurgik va ginekologik jihozlar bilan ta’minlanadi.
Olis, uzoq masofada joylashgan mahalla va qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yaqinlashtirish va qulay qilish maqsadida 2 o‘rinli kunduzgi statsionar va yetarli tibbiy jihoz, inventarlar bilan ta’minlangan hamda barcha kommunikatsiyalarga ega bo‘lgan 176 ta “Mahalla tibbiyot punktlari” tashkil etildi.
Joriy yilning o‘zida aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yana qo‘shimcha 50 ta qishloqda “Mahalla tibbiyot punktlari” faoliyati yo‘lga quyildi. Natijada Termiz tumanida 1 ta, Sariosiyo tumanida 3 ta, Bandixon, Boysun, Denov, Muzrabot, Oltinsoy, Uzun, Sho‘rchi, Qiziriq va Qumqo‘rg‘on tumanlarida 4 tadan, Jarqo‘rg‘on va Sherobod tumanlarida 5 tadan “Mahalla tibbiyot punktlari” tashkil etilishi hisobiga 150 mingga yaqin aholiga birlamchi tibbiy xizmat yanada yaqinlashtirildi.
Bundan tashqari, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib olis hududlarda joylashgan, transport qatnovi og‘ir 10 ta mahallada 3-4 xonadan iborat “Mahalla tibbiyot punktlari” qurilib foydalanishga topshirildi.
Tashkil etilgan barcha “Mahalla tibbiyot punktlari” zaruriy jihozlar va bepul dori darmonlar bilan ta’minlanganligi hamda muolajalar olish uchun kunduzgi o‘rinlar mavjudligi bois fuqorolarning oddiy muolajalar uchun o‘nlab kilometr masofalarda joylashgan tibbiyot maskanlariga sarson bo‘lib borishlariga barham berildi.