Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlar orqali moliya bo‘limi tadbirkorning 1 milliard 169 million so‘m pulini o‘zlashtirib oldi mazmunidagi murojaat e’lon qilindi. Mazkur murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-189-son qaroriga muvofiq Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Milliy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish” loyihasi doirasida viloyatning Boysun, Bandixon, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy va Denov tumanlaridan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish doirasida buzilishga tushgan obektlar uchun 6,3 mlrd so‘m kompensatsiya mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashgan respublika jamg‘armasi hisobidan ajratilishi belgilangan.
Yuqoridagi qarorga asosan “Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashgan respublika jamg‘armasi”dan mablag‘ ajratilishi bo‘yicha tegishli hujjatlar jamlanib, Respublika kuzatuv kengashiga taqdim etildi.
Shunga ko‘ra Respublika kuzatuv kengashining yig‘ilish bayonnomasi tuzilib, tegishli vazirlik va idoralardan imzolatildi, hamda ushbu hujjat bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi devonxonasida raqamlanish jarayonida turibdi.
Oltinsoy tumani hududidagi yo‘l kengayishi munosabati bilan buzilishga tushgan “Ali Umar qizi” xususiy firmasiga tegishli noturar joy ob’ekti 1 167,7 mln so‘mga baholangan bo‘lib, tegishli hujjatlar Respublika kuzatuv kengashiga taqdim qilingan.
Respublika kuzatuv kengashining yig‘ilish bayonnomasiga asosan markazlashgan respublika jamg‘armasidan mablag‘ ajratilgandan so‘ngra kompensatsiya pullari to‘liq to‘lab berilishini ma’lum qilinadi.