Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Termiz tumaniga tashrifining keyingi manzilida Аmudaryoning qoq oʼrtasida joylashgan, qamishzor, toʼqayzor va qumlardan iborat – “Paygʼambar oroli”da boʼlib, “Zul-Kifl” maqbarasini ziyorat qildi.
Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Termiz tumaniga tashrifining keyingi manzilida Аmudaryoning qoq oʼrtasida joylashgan, qamishzor, toʼqayzor va qumlardan iborat – “Paygʼambar oroli”da boʼlib, “Zul-Kifl” maqbarasini ziyorat qildi. Jonliq soʼyilib, Qurʼon tilovat qilindi. Yaratgandan yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi.
YuNESKOning tabiat yodgorliklari roʼyxatiga kiritilgan, maydoni taxminan 4 ming gektarlik sathga ega, uzunligi 8, eni 5-6 kilometr boʼlgan ushbu orol paygʼambarlardan birining ramziy qabri joylashgan manzil sifatida qadrlanadi. Uning “Paygʼambar oroli” nomini olishi ham shundan — bu yerda Qurʼoni karimda zikr etilgan yigirma besh paygʼambardan biri boʼlmish, miloddan avvalgi VI-VII asrlarda yashab oʼtgan Zul-Kifl alayhissalom maqbarasi mavjud.
Oroldagi “Zul-Kifl” maqbarasi turli davrlarda bunyod etilgan gumbazli katta masjid va janubdan tutashgan sagʼanali hilxona hamda gʼarb tomondan biriktirilgan ikki xonadan iborat. Masjid murabbaʼ tarhli, oldi peshtoqli, bezagi gʼisht chorgul va archa tarzida terilgan, mehrobiga ganch girih naqsh ishlangan. Maqbara 2018 yil boshida rekonstruktsiya qilinib, obod holga keltirildi.
Tarixchilarga koʼra, Yunon-Baqtriya podshoxligi davrida “Paygʼambar oroli” muntazam savdo va kechuv joyi sifatida muhim manzilgoh hisoblangan. X-XII asrlarda nafaqat Termiz shahri, balki uning roʼparasidagi ushbu orol ham gavjum joy boʼlgan. Paygʼambar oroli 1220 yilning kuziga qadar Termizning Jayxun orqali savdosida muhim oʼrin tutgan. Shahar Chingizxon qoʼshinlari tomonidan vayron etilgandan soʼng “Paygʼambar oroli” savdo manzili sifatida oʼz ahamiyatini yoʼqotadi.
Ushbu orol qoʼshni Аfgʼonistonga tutash boʼlgani bois chegarachilar tomonidan qoʼriqlanadi.