Qiziriq tumani paxtakorlari ham shartnomaviy rejani bajarishdi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimov hududlarda boʼlib, paxta yigʼim-terim ishlarining borishi bilan tanishdi hamda ilgʼor terimchilar va soha mehnatkashlariga sovgʼalar topshirdi.

Dastlab, Sherobod tumani “V.Qodirov” hududidagi “Nazokat АSU” fermer xoʼjaligining paxta dalasida ilgʼor terimchilar bilan uchrashuv oʼtkazilib, ularga sovgʼalar topshirildi. Shuningdek, ushbu fermerning 15 gektar maydonida gʼalla ekish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini koʼzdan kechirib, masʼullarga vazifalarni belgilab berdi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari Qiziriqlik ilgʼorlar bilan uchrashuv oʼtkazdi. Ularni shartnomaviy rejani bajarganliklari bilan muborakbod etdi. Tuman mirishkorlari, klaster va 14 ta fermer xoʼjaligi tomonidan 7 684 gektar maydonda paxta yetishtirilib, 26 663 tonna hosil yigʼishtirib olindi va shartnomaviy reja 101 foizga bajarildi.

Viloyat rahbari faol terimchilar, mexanizator va suvchilar, ilgʼor fermer xoʼjaliklari hamda klaster rahbarlarini maishiy texnikalar, sovgʼalar bilan taqdirladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati