Gʼalla-2024: Hududlarda mavsumni uyushqoqlik bilan oʼtkazish boʼyicha seminarlar oʼtkazildi
Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov vohaning 5 ta hududiga tashrif buyurib, 2024 yil hosili uchun gʼalla ekish ishlarini tizimli va sifatli amalga oshirishga bagʼishlangan seminarlarda ishtirok etdi.
Xususan, Jarqoʼrgʼon, Qumqoʼrgʼon, Shoʼrchi, Oltinsoy va Denov tumanlarida kuzgi boshogʼli don ekish ishlarini tizimli tashkil etish hamda qisqa muddatlarda sifatli yakunlash, sugʼorish va toʼliq koʼchat olish masalalari muhokama qilinib, masʼullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, xar bir tumanda “Shudgor-2023” shtabini tashkil qilish, texnikalarni shay holatga keltirish, shudgorlash ishlarini fosforli va kaliyli oʼgʼitlar bilan olib borish hamda yerni sifatli haydalishini taʼminlash boʼyicha sektor rahbarlari, soha masʼullariga aniq muddatlar bilan vazifalar topshirildi. Shuningdek, shudgorlash ishlari uchun tashkil etilgan otryadlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Maʼlumot uchun, 2024 yil hosili uchun Jarqoʼrgʼon tumanida 8 476 gektar, Qumqoʼrgʼon tumanida 8 539 gektar, Shoʼrchi tumanida 8 098 gektar, Oltinsoy tumanida 4 529 gektar va Denov tumanida 10 877 gektar maydonda gʼalla ekish rejalashtirilgan.