Viloyat hokimi ta’lim-tarbiya, tibbiy xizmat sifati hamda dorixonalardagi narxlarni o‘rgandi
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Sherobod tumanida bo‘lib, maktab, shifoxona va dorixonalar faoliyati bilan tanishdi. Tumandagi 8-sonli maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar ahvoli hamda ma’naviyat xonasidagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Ta’lim va targ‘ibot ishlarida radioaloqadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etilib, tajribani ommalashtirish topshirildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari tuman markazidagi dorixonalarga kirib, narxlar hamda dorilarning shifokor retsepti bo‘yicha berilishi bilan qiziqdi. Tuman shifoxonasida masalani o‘rganish davom ettirilib, bemorlarning kasallik varaqalaridagi qaydlar ko‘zdan kechirildi.
Tibbiy xizmat ko‘rsatishda korrupsion holatlarni oldini olish bo‘yicha qilinadigan ishlar talaygina ekanligi va odamlar hali tizimdan to‘laqonli rozi emasligi ta’kidlandi. Soha mutasaddilariga tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, bemorlarga bepul berilishi lozim bo‘lgan dorilarning manzilli yetib borishini qat’iy nazorat qilish topshirig‘i berildi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati