Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
Xususan, Angor tumanida “Xayitalibek-Surxon” MChJ tomonidan umumiy qiymati 11,5 mlrd so‘m bo‘lgan, 50 ta doimiy ish o‘rinli motel va xizmat ko‘rsatish markazi hamda “Bahor” va “Ilg‘or” mahallalarida 90 dan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlovchi 3 ta muzlatkichli omborxona qurilishi bilan tanishildi.
Shuningdek, aholi xonadonlarida yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari ko‘zdan kechirildi.
Tadbirkorlarga loyihalarni belgilangan vaqtda, sifatli amalga oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan tavsiyalar hamda mas’ullarga aholining mahsulotlar yetishtirish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Viloyat rahbari Jarqo‘rg‘on tumanida ham bo‘lib, “Iftixor-Melioratsiya” MChJ tomonidan qurilayotgan dehqon va chorva mollari bozorlari bilan tanishdi. Tashrif so‘ngida tumanda reinovatsiya asosida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish loyihasi taqdimot qilindi. Loyihalarni ishlab chiqishda infratuzilmalarni inobatga olish topshirildi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati