Termiz shahri Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab voha iqlimi va tuproq sharoitlariga mos daraxt ko‘chatlari ekildi.
Jarayonda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, shaharda, umuman viloyatimizning har bir hududida yashil maydonlarni kengaytirish lozimligini ta’kidladi.
– Yashayotgan Ona tabiatimizning ertangi musaffoligini ta’minlash bugun amalga oshirayotgan ishlarimiz hamda amallarimizga bog‘liq. Shunday ekan, ko‘proq daraxt ekib, yashil maydonlarni ko‘paytirishimiz, ko‘chatlar parvarishini vijdonan bajarishimiz lozim – deya ta’kidladi viloyat rahbari tadbir ishtirokchilari bilan suhbatida.
Keltirilgan ko‘chatlarni belgilangan talablar asosida ekish, unishi, parvarishi uchun har biriga mas’ul biriktirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari “Termiz xalqaro aeroporti”da qiymati 651 mlrd so‘m bo‘lgan loyihaning uchinchi bosqichi doirasida uchish-qo‘nish yo‘lagi qurish, aerodrom qoplamalarini rekonstruksiya qilish hamda perronni kengaytirish ishlarining borishi bilan tanishdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati