Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

– Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qo‘shib yuborish orqali ularning negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etildi;

– Universitetda muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanadi;

– Universitetda 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi;

– yirik ishlab chiqarish korxonalari Universitetning Ilg‘or muhandislik maktabiga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi;

– Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;

– Universitet Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Qarorning to‘liq matni: https://uza.uz/uz/posts/termiz-davlat-muhandislik-va-agrotexnologiyalar-universitetini-tashkil-etish-chora-tadbirlari-togrisida_617705