Sharg‘un shahrida 60 o‘rinli zamonaviy tug‘ruq kompleksi ishga tushdi
Sariosiyo tumani Sharg‘un shahrida 12 mlrd. 753 mln. so‘m mablag‘ evaziga barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy tug‘ruq kompleksi qurilib foydalanishga topshirildi.
Kompleksning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari I.Saparov, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri A.Eshmurodov hamda tuman hokimi, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
- Sharg‘un shahrimizning bugungi qiyofasi tubdan o‘zgardi. Besh yil oldingi holati bilan bugungi ko‘rinishi, aholi uchun qulayliklarning yaratilganligi, yangi zamonaviy binolarning qad rostlagani va mana bu kompleksning ishga tushgani bizni behad quvontirdi, - deydi Xo‘ja Aloviddin Attor jome’ masjidi imom xatibi Fazliddin domla Karomatov. Ijobiy o‘zgarishlarga ko‘zimiz shunchalik o‘rgandiki, o‘ylab qarasak, bu o‘zgarishlarni oddiy qabul qila boshladik. Davlatimiz rahbarining tashriflaridan so‘ng boshlangan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari, shaharchadagi qabristondan tortib, maktablar, bog‘chalar, ko‘p qavatli aholi yashash xonadorlari va yo‘llardan tortib barcha joylarga ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Ilohim yurtimizda bunyodkorlik ishlari davomli va tinchligimiz abadiy bo‘lsin.
Ushbu kompleksda skrining markazi, UZI, EKG, raqamli rentgen aparati (sifrovoy rengen), barcha tahlillarni amalga oshirish imkoniyatiga ega zamonaviy labaratoriya hamda tahlillarni elektron tarzda shifokorlarga yuborish, respublika shifoxonalari bilan videokonfirensiya aloqa o‘rnatgan holda tashxis qo‘yish va boshqa tibbiyot amaliyotlarini bajarish imkoniyati yaratilgan. Bu yerda 4 nafar akusher ginekolog, 25 nafar hamshira, 15 ta kichik tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatadi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati