Surxondaryoda “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkaziladi

2022 yilning 18-23 aprel kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Surxondaryo viloyatida ham “Kitobsevar millat” shiori ostida  “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tadi.

Termiz shahrida Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, muhtasham San’at saroyi bog‘i,tumanlarda axborot-kutubxona markazlari va istirohat bog‘larida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar barcha yosh toifasidagi kitobxonlarni qamrab oladi.

Surxondaryo viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Madaniyat boshqarmalari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Ma’naviyat-ma’rifat markazi viloyat bo‘limlari hamda boshqa idora va muassasalar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlarda kitob savdo yarmarkalari, kitobxonlar o‘rtasida so‘rovnomalar, sovrinli viktorinalar, intellektual bellashuvlar tashkil etiladi.

Kitobxonlik haftaligi mobaynida nashriyotlarda so‘nggi yillarda chop etilgan yangi kitoblarining taqdimotlari, o‘nlab taniqli va yosh va iste’dodli adib va shoirlar bilan uchrashuvlar, noshir va matbaachilar bilan muloqotlar o‘tkaziladi. Shuningdek, “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshiriladi, faol noshirlar va ijodkorlar taqdirlanadi.