Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadigan hududda bo‘lib, nufuzli tadbirni yuksak saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
Aytish kerakki, Padang kengliklarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro festivalga viloyatda alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Hudud milliy qadriyatlarimiz va bayram shukuhi aks ettirilgan bannerlar, afishalar bilan bezatildi. Yuzdan ortiq o‘tov uylar o‘rnatilib, qo‘rg‘onlar barpo etildi. Ular ko‘p ming yillik milliy an’ana va qadriyatlarimiz asosida jihozlandi.
Hududda sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan oshxonalar barpo etib, milliy taomlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yo‘llarda keng ko‘lamdagi ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Uzluksiz elektr energiyasi va suv ta’minotiga alohida e’tibor qaratildi. Yoritish moslamalari o‘rnatildi.