To‘ra Bobolov: Yoshlar yetakchilariga ko‘p vakolatlar berildi, barcha rahbarlar sizlarga ko‘makchi bo‘lyapti, sizlar bu ishonchni suiste’mol qilib ta’magirlik qilmang!
Surxondaryoda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida viloyat hokimi To‘ra Bobolov joylarda yigit-qizlarni qiziqtirgan masalalar, o‘ylantirayotgan muammolarga ijobiy yechim topish choralarini ko‘rmoqda.
Bugun, 29 may kuni Termiz shahridagi San’at saroyida "Hokim va mahalla yoshlari yetakchilari" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, viloyat sektorlari rahbarlari, mahallalar yoshlar yetakchilari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, viloyat, shahar va tumanlar hokimining tegishli o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Dastlab, viloyat hokimi hududlarning ko‘rsatkichlari, yoshlar yetakchilari tomonidan yo‘l qo‘yilayogan xato va kamchiliklar, ular faoliyatidagi ijobiy natijalarni aniq misollar bilan sanab o‘tdi. Shundan so‘ng, viloyat sektorlari rahbarlari va yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot boshlandi.
Erkin va samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yoshlarning 15 ga yaqin takliflari tinglanib, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Misol uchun, Yoshlar ishlari agentligi Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi rahbari Abduvohid Xolto‘rayev tumandagi ehtiyojmand 38 ta oilaning oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlarining jami 80 mln. so‘m miqdoridagi kontrakt to‘lovlarini to‘lab berilishida yordam so‘radi. Viloyat hokimi mazkur ro‘yxat ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, haqiqatda muhtoj oilalar kiritilganligi bilgach, belgilangan mablag‘larni qisqa muddatrlarda to‘lab berish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma berdi.
- Sog‘lom insonlar uchun sport musobaqalari va bellashuvlar ko‘p o‘tkaziladi, - deydi Angor tumani Ilg‘or mahallasi yoshlar yetakchisi Xurshid Fayzullayev. - Fuqarolarimiz orasida nogironligi bo‘lganlar tadbirlarga kamroq jalb etiladi. Shu sababli, men nogironlar o‘rtasida "Besh tashabbus" doirasidagi tadbirlarni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdim. Viloyat hokimimiz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar hamda shahar va tumanlarda shunday tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdilar.
- Yoshlar yetakchilariga motivatsiya berish maqsadida yaxshi natijalar qayt etgan hamkasblarimiz uchun sayyohatlar tashkil etish bo‘yicha taklif berdim, - deydi Qumqo‘rg‘on tumani Do‘stlik mahallasi yoshlar yetakchisi Xurshid Abdiraimov. - Viloyatimiz hokimiga rahmat, o‘zim kutganimdan ortiq javobni oldim. Ular eng faol 150 nafar yoshlar boshqa viloyatlarga sayyohatga yuborilishini ma’lum qildilar. Qaysi viloyatga borishni o‘zimiz tanlar ekanmiz. Samolyotda borish va kelish xarajatlari viloyatimiz hokimligi tomonidan to‘lab beriladigan bo‘ldi. Biz endi boshqa viloyatlardagi diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish bilan birga u yerdagi tengdoshlarimizning faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Shuningdek, o‘zining haqiqiy yetakchiligi, tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘la olgan, ish faoliyatini namunali yo‘lga qo‘ygan va reytingi yuqori bo‘lgan "A.Jomiy" (Termiz shahri), "Zang gilambob" (Angor tumani), "Quduqsoy" (Bandixon tumani), Mustaqillik (Boysun tumani), O‘zgarish (Denov tumani), Ulug‘bek (Jarqo‘rg‘on tumani), "Nurli hayot" (Muzrabot tumani), "Chinor" (Oltinsoy tumani), Shahriobod (Sariosiyo tumani), A.Temur (Termiz tumani), Serharakat (Uzun tumani), Yoshlik (SHerobod tumani), Kunchiqish (Qiziriq tumani), Qarsoqli (Qumqo‘rg‘on tumani) mahallalari yoshlar yetakchilariga viloyat hokimi tomonidan sertifikat, kitoblar jamlanmasi hamda zamonaviy printerlar topshirildi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi yoshlar yetakchilariga ko‘plab vakolatlar berilganligi va ularga rahbarlar ko‘makchi bo‘layotganligini aytib, bu ishonchni oqlashni va ta’magirlik qilmaslikni so‘radi.