Termizda mahsulotlarni quritish va muzlatish korxonasi, logistika markazi hamda arxeologiya muzeyi bilan tanishildi

Novosibirsk gubernatori Andrey Travnikov boshchiligidagi delegatsiya Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan “Gold agro fresh” MChJning mahsulotlarni qayta ishlash, quritish va muzlatish korxonasiga tashrif buyurdi. O‘zining issiqxonalar kompleksi, meva-sabzavotlar yetishtirish maydonlariga ega korxona asosan mahsulotlarni quritish yoki muzlatish orqali xorijga eksport qilish faoliyatini olib boradi.

Mehmonlar Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamrohligida mahsulotlarni saralash, qadoqlash, muzlatish, shuningdek, quritish jarayonlari hamda eksport uchun tayyorlangan mahsulotlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari Rossiyaning “LETO” korxonasi ta’sischiligidagi "TERMIZ AGRO IMPEX" MChJ xorijiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, saqlash, saralash va eksportga yo‘naltiruvchi logistika markazi faoliyati bilan tanishishdi.

Umumiy maydoni 10 gektar bo‘lgan markazda 3 gektar issiqxona, 4 gektar ochiq maydonlar hamda 3 ming kvadrat metr maydonga ega muzlatgichli omborxona tashkil etilgan. Issiqxona va ochiq maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, brokkoli, karam, ko‘katlar, rozmarin, pomidor va bodring yetishtiriladi. Logistika markazi joriy yilda 2,5 mln dollarlik mahsulotni eksport qilishni rejalashtirgan.

Shuningdek, Termiz tumani markazida joylashgan “Uchqizil” suv ombori hamda hududdagi ekoturizm maskanlari bilan ham tanishildi.

Novosibirsk gubernatori Andrey Travnikov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari viloyatimiz rahbari Ulug‘bek Qosimov hamrohligida Termiz arxeologiya muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdi.

Delegatsiya a’zolariga Termiz arxeologiya muzeyidagi vohamizning eng qadimgi tosh davridan XX asrgacha bo‘lgan tarixidan so‘zlovchi eksponatlar tanishtirildi hamda ularga ma’lumotlar berildi. Muzeyda saqlanayotgan eksponatlar hamda insoniyat sivilizatsiyasi tarixidan so‘zlovchi topilmalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrifi yakunida Andrey Travnikov Faxriy mehmonlar kitobida qaydlarini yozib qoldirdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.