Sayyor qabul: 91 ta murojaat joyida hal etildi

Qumqo‘rg‘on tumani Surxon sohili mahallasi hududida bo‘lib o‘tgan viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi mas’ullarning ommaviy sayyor qabuli qariyb 8 soat davom etdi.

Sayyor qabulda Qumqo‘rg‘on tumani aholisi hamda Oltinsoy, SHo‘rchi, Jarqo‘rg‘on, Angor tumanlaridan kelgan murojaatchilarning muammolari tinglanib, sektorlar rahbarlari va mutasaddilar ishtirokida ular o‘rtaga tashlayotgan muammolarni joyida hal etish yo‘llari izlandi.

Ommaviy qabulga Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida bo‘lib o‘tadigan 1-liga o‘yinlarida ishtirok etish uchun safar xarajatlarini to‘lanilishida amaliy yordam so‘rab kelgan "Qumqo‘rg‘on-1977" futbol jamoasining murojaati ijobiy hal etilib, zarur bo‘lgan 38 mln. so‘m mablag‘ to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, "O‘zbekiston besh yilligi" mahallasida yashovchi 67 yoshli Xolmo‘min Qodirovning davolanishi uchun sanatoriyaga yo‘llanma beriladigan, "Paxtaobod" mahallasida yashovchi turmush o‘rtog‘i jazoni ijro etish muassasida bo‘lgan fuqaroga moddiy yordam tayinlanadigan bo‘ldi.

Sayyor qabulda 342 nafar fuqaro tomonidan ichimlik va oqova suvi, ichki yo‘llar ta’miri, elektr va gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot kabi turli masalalar bilan bog‘liq 411 ta muammo tinglandi. Murojaatlarning 91 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 12 ta yer ajratish bilan bog‘liq murojaatlarga huquqiy tushuntirish berilib, 308 ta muammo ijrosi muddat talab etgani bois mas’ullarga qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazib, hal etish vazifasi yuklatildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati