Sayyor qabulda murojaatlarga yechim topilmoqda

Angor tumanida bo‘lib o‘tayotgan ommaviy sayyor qabulda hozirga qadar ro‘yxatga olingan fuqarolar soni 175 nafarni tashkil etib, ulardan 107 nafarining murojaati tinglandi. Murojaatchilar tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan muammolar sektor rahbarlari va mutasaddilar ishtirokida atroflicha o‘rganilib, joyida hal etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan,

Angor tumanining Kattaqum mahallasida yashovchi Ra’no Qurbonova farzandini davolatish uchun moddiy yordam so‘rab qilgan murojaati bugunning o‘zidayoq hal etiladigan bo‘ldi.

 Farzandim uch yosh. Qizim eshitmaydi, gapirmaydi. Viloyat hokimiga qilgan murojaatim e’tiborsiz qoldirilmaganidan xursandman. Men so‘ragan mablag‘ni bugunoq ajratib berish hamda farzandimning sog‘lig‘ini doimiy nazoratga olish bo‘yicha mutasaddilarga vazifa yukladilar.

Angor tumanining Xo‘janqon mahallasida yashovchi birinchi guruh nogironi Xursanoy Boboqulova uy-joyini ta’mirlash uchun kredit mablag‘i ajratilishida yordam so‘radi. Viloyat hokimi murojaatchining iqtisodiy holati va oilaviy sharoiti to‘g‘risida mutasaddilardan ma’lumot olgach, uy-joy ta’miri kredit mablag‘lari hisobidan emas, homiylik yordamida amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Sayyor qabulda 21 nafar fuqaroning murojaati joyida hal etildi. Qabul davom etmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati