Surxondaryolik eng faol tadbirkorlar taqdirlandi
Termizda tadbirkorlar kuni munosabati bilan bir guruh soha vakillariga “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov marosim ishtirokchilarini qutlug‘ sana bilan tabrikladi. Tadbirkorlarning keyingi yillarda viloyatni har taraflama rivojlantirishga qo‘shayotgan hissalarini alohida e’tirof etdi.
– Yaqin yillargacha voha iqtisodiyotini yuksaltirishga hissa qo‘shishga bel bog‘lagan tadbirkorlarimiz adolatsizliklardan jiddiy aziyat chekdi, –dedi viloyat rahbari. – Ularga sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Jinoiy javobgarlikka tortildi. Prezidentimiz o‘z vazifasini bajarishga kirishgan ilk yillardayoq viloyatdagi bunday noxush holatga chek qo‘ydi. Endilikda barchangizga birdek e’tibor qaratilayotgani, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani vohani har taraflama rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoyishiga asosan joriy yilda mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan tadbirkorlar safida “Asilaxon terma gilamlari” ishlab chiqarish kooperativi rahbari M.Azizova, “Black plast” xususiy korxonasi rahbari Sh.Malikov, “Alpomish servis invest” xususiy korxonasi rahbari X.Panjiyev, “Termiz golden city” MCHJ rahbari J.Pardayev, “Doʻstlik cooperation” MCHJ rahbari A.Xudayarov, “Asson-Termiz” xususiy korxonasi rahbari O.Sharafutdinova, “Passion work” MCHJ rahbari Z.Shayakubov ham bor.
Tadbirda ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Bir guruh faol tadbirkorlar viloyat hokimligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alariga sazovor bo‘ldi.