To‘ra Bobolov Termiz tumanidagi Yangiyer va Bunyodkor mahallalarida bo‘ldi

Viloyat rahbari mazkur mahallalarda qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari hamda aholi yashash tarzi bilan yaqindan tanishgach, Yangiyer mahallasi hududidagi 36-sonli maktabda viloyat Xalq qabulxonasi mudiri, tegishli viloyat boshqarma boshliqlari, Termiz tumani hokimi, sektor rahbarlari, hokimning sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda tumanda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari talab darajasida emasligini, bu borada mas’ullar yetarli darajada ishni tashkil qilmaganligini tanqid qilib, bu borada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tdi.

Shuningdek, viloyat hokimi mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi bilan suhbatda bo‘lib, hududda aholi bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berdi.

Shundan so‘ng, mas’ullar xonadonlarda bo‘lib, aholini tadbirkorlikka jalb qilish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishishdi.