To‘ra Bobolov “Payg‘ambar oroli”da bo‘ldi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Termiz shahri yaqinida, Amudaryoning qoq o‘rtasida katta olamdan ajralgan holda joylashgan, qamishzor, to‘qayzor va qumlardan iborat o‘ziga xos tabiat mo‘jizasi – “Payg‘ambar oroli”da bo‘lib, “Zul-Kifl” maqbarasini ziyorat qildi. Jonliq so‘yilib, Qur’on tilovat qilindi. Yaratgandan yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi.
YuNESKOning tabiat yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan, maydoni taxminan 4 ming gektarlik sathga ega, uzunligi 8, eni 5-6 kilometr bo‘lgan ushbu orol payg‘ambarlardan birining ramziy qabri joylashgan manzil sifatida qadrlanadi. Uning “Payg‘ambar oroli” nomini olishi ham shundan — bu yerda Qur’oni karimda zikr etilgan yigirma besh payg‘ambardan biri bo‘lmish, miloddan avvalgi VI-VII asrlarda yashab o‘tgan Zul-Kifl (“kafolat sohibi” ma’nosini bildiradi) alayhissalom maqbarasi mavjud.
XVII asrda yashagan balxlik mashhur qomusiy olim Mahmud ibn Valiy “Sirlar dengizi” asarida payg‘ambar Zul-Kifl alayhissalom dafn etilgan Termiz yaqinidagi bu orol Hakim Termiziy bilan Hizr alayhissalomning uchrashuv joyi bo‘lganini qayd etadi.
Oroldagi “Zul-Kifl” maqbarasi turli davrlarda bunyod etilgan gumbazli katta masjid va janubdan tutashgan sag‘anali hilxona hamda g‘arb tomondan biriktirilgan ikki xonadan iborat. Masjid murabba’ tarhli, oldi peshtoqli, bezagi g‘isht chorgul va archa tarzida terilgan, mehrobiga ganch girih naqsh ishlangan. Maqbara 2018 yil boshida rekonstruksiya qilinib, obod holga keltirildi.
Ushbu orol qo‘shni Afg‘onistonga tutash bo‘lgani bois chegarachilar tomonidan qo‘riqlanadi. Bu yerda O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism bo‘linmasi joylashgan.
Viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari To‘ra Bobolov harbiy qismda ham bo‘lib, bu yerda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.