Surxondaryoda Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda

Bugun Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali bo‘y ko‘rsatib turgan maydon erta tongdan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchilar, shoirlar, talaba va o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ldi.

Bu yerda buyuk mutafakkir tavalludining 581 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda Hazrat Navoiyning hayoti, boy madaniy merosi va bugungi kundagi qadr-qimmati xususida fikr yuritildi. G‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.

Sanaga bag‘ishlangan tadbir muhtasham San’at saroyida konsert dasturi va mushoira kechasi bilan davom etdi. Shoirlar va talaba-yoshlar Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qidi. Viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari “Alisher Navoiy” spektaklidan parchalar namoyish etdi. Buyuk shoir g‘azallari asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar kuylandi.

Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.