Surxondaryoliklar Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan 52 nafar yigit-qizni o‘z bag‘riga oldi
Joriy yilda Prezidentimiz rahbarligida nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi mas’ulligiga o‘tkazish taklifi ilgari surilgan edi.
Qisqa vaqt ichida ushbu yo‘nalishdagi ishlar o‘z samarasini bera boshladi. Xususan, Surxondaryo viloyatida ham Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy muhitga moslashtirish va ota-ona mehridan bahramand bo‘lib voyaga yetishlari uchun oilaviy bolalar uylari tashkil etilmoqda. Shu kunga qadar viloyat hokimligi, Milliy gvardiyaning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va xalq ta’limi boshqarmasi ko‘magida Termiz shahridagi 12-sonli Mehribonlik uyining 29 nafar tarbiyalanuvchisi o‘z oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarildi, 1 nafari farzandlikka va 22 nafari Oilaviy bolalar uyiga, ota-ona qaramog‘iga topshirildi.
Shu kungacha viloyatning Termiz shahri va Denov tumanida jami to‘rtta Oilaviy bolalar uyi mavjud edi. Joriy yilning 22 fevral kuni Angor tumanida tashkil etilgan ana shunday fayzli uy hisobiga vohada ular soni yana bittaga ko‘paydi.
Shu kuni tumandagi «Yangiturmush» mahallasida istiqomat qiluvchi Hoshimovlar oilasi tomonidan tashkil etilgan Oilaviy bolalar uyi 2 nafar o‘g‘il va 6 nafar qiz farzandni bag‘riga oldi. Ularning 2 nafari Toshkent shahridagi 22-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, qolgan 6 nafari esa ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalardir.
Tadbirda Angor tumani hokimligi hamda Milliy gvardiyaning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi mas’ullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan keltirilgan sovg‘alar bolajonlarga topshirildi. Xonadonda o‘g‘il-qizlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan tanishildi.