To‘ra Bobolov: “Baxti butun jamiyat tinch, to‘kin va obod bo‘ladi”

Shu munosabat bilan Termiz shahridagi “Azizbek” tantanalar saroyida bo‘lib o‘tgan asosiy bayram tadbirida viloyat hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etib, jamiyatimiz gultojlarini bahorning ilk ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabrikladi. Vatanimiz taraqqiyoti, voha rivojiga qo‘shayotgan ulkan hissasi haqida atroflicha fikr yuritdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni e’zozlab, jamiyatdagi roli va mavqeini oshirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani qayd etildi.

–Prezidentimiz raisligida joriy yilning 1 mart kuni Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, – dedi To‘ra Bobolov. – Yig‘ilishda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etilgani ma’lum qilindi. Bu yangilik sizlarning hayotingizda yangi bosqichni boshlab berdi. Shunga muvofiq endilikda viloyatimizda ham xotin-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlab, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini yanada oshirish, bandlik masalasini hal etib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda muhim vazifalar belgilab olindi. Maqsadimiz – sizlarning bugungi hayotdan rozi bo‘lib yashashingiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdan iborat. Ana shunday ezgu yo‘lda biz, katta-kichik rahbarlar hamisha xizmatingizda bo‘lamiz. Zero, Sizlarning baxtiyor hayotingiz butun jamiyatimizga baxtu-saodat nurini ulashadi. Baxti butun jamiyat tinch, to‘kin va obod bo‘ladi. 

Viloyatda 1 million 360 ming xotin-qiz istiqomat qilmoqda. Ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlab, har taraflama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish maqsadida “Ayollar daftari”ga  59 ming xotin-qiz kiritilib, ularning 34 ming 887 nafariga manzilli yordam ko‘rsatildi. Uy-joyi mavjud bo‘lmagan 1 ming 996 xotin-qiz turar-joy bilan ta’minlanib, ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi. Birinchi guruh nogironligi bo‘lgan 356 xotin-qizning uy-joyi ta’mirlandi. Boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy yordamga muhtoj, shuningdek, qaramog‘ida nogiron bolalari mavjud 11 mingga yaqin xotin-qizga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Davlat va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan opa-singillar, munis onaxonlar, tadbirkor xotin-qizlarning samarali mehnati qadrlanib, ularning tashabbsukorligi va oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, kelajagimiz egalarini ona Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat milliy qadriyatlarimizga cheksiz hurmat ruxida tarbiyalashdagi xizmatlari alohida e’tirof etilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 5 martdagi farmoni bilan 7 nafar xotin-qiz davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi. Bayram arafasida ikki nafar iste’dodli, izlanuvchan qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga, 17 nafar xotin-qiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoniga sazovar bo‘ldi.

Marosimda “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni o‘z sohibalariga tantanali topshirildi. Ibratli hayoti va turli sohalardagi fidokorona mehnati uchun bir guruh fidoyi xotin-qizlar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.