Navbatdagi hokimlik soati: tayinlovlar, tanqidiy muhokama va qat’iy topshiriqlar

9 mart kuni viloyat hokimligida videoselektor tarzida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, hokimlik apparatidagi mas’ul xodimlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishni viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshqarib bordi.

Dastlab tashkiliy masala ko‘rildi. Unda Xidirova Zulxumor Abdirashidovna viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lovozimiga, Shokirov Shavkatjon  Yuldoshalievich viloyat hokimligi turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri lavozimiga tayinlanganligi ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng, viloyatda "Yashil makon" umummilliy dasturi doirasida bahor mavsumida daraxtlarni ekish va parvarishlash ishlarini tashkil etish holati ishchi guruhning o‘rganish xulosasi asosida viloyat hokimi To‘ra Bobolov tomonidan tanqidiy muhokama qilindi. Mas’ullar ogohlantirilib, sanab o‘tilgan kamchiliklarni qisqa mudatda bartaraf etish va ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda yoshlarga oid davlat siyosatining joylardagi ijrosi hamda viloyat, shahar va tumanlarda Navro‘z bayrami umumxalq sayillarini, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini ko‘taringki ruhda o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik holati ham muhokama qilindi.

Joylarda  ommaviy tadbirlarni tashkil etishda, avvalo tozalik hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash va tartibni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlanib, bu borada ham mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.