Boysunlik fermer: “Prezidentimiz o‘tkazgan tadbir menga yangi g‘oyalar berdi”
Prezidentimiz raisligida joriy yil 26 aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi fodalanilmayotgan turistik manzillarda mehmonxona, kemping, tog‘ sporti, dor yo‘li, turistlar uylar kabi turli ob’ektlarni tashkil etib, 500 ming sayyohni bemalol jalb etish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
Tumandagi “Feruzbek-Asl chorvasi” fermer xo‘jaligi Boysun tog‘ining Hachcha cho‘qqilari yon bag‘ridagi Xo‘ja qo‘chqor ota ziyoratgohi atrofida 150 gektarga yaqin maydonda turizm zonasi tashkil etmoqda. Shu maqsadda agro, eko va ziyorat turizm shaydolari uchun uchta zamonaviy kottej, uchta o‘tov va yengil konstruksiyali konteyner tipidagi turistlarni qabul qilishga mo‘ljallangan yotoq-joy, yozgi basseyn, serjilo tabiat qo‘ynida dildan suhbat qurib, dam olish uchun tabiiy supalar, tadbirlarga mo‘ljallangan sahna barpo etgan.
So‘lim tog‘ etagida bodom, yong‘oq, olma, gilos, uzum, o‘rik, nok kabi mevali daraxt ko‘chatlarini ekib, parvarishlamoqda. Bu yerda hozir 20 ga yaqin kishi mehnat qilayotir. Go‘zal tabiat manzaralari, toza, salqin ob-havosi bilan har qanday kishini maftun etadigan bu go‘sha Xo‘jaqo‘chqor ota ziyoratgohi bilan ham ma’lum va mashhur. Rivoyat qilishlaricha, Xo‘jaqo‘chqor ota asli qashqadaryolik bo‘lib, shu vohada yashaydigan urug‘lardan birining piri bo‘lgan ekan. Ulug‘ zotning Shohiqo‘chqor, Boyqo‘chqor ismli akalari ham bo‘lgan. Bir safar Xo‘jaqo‘chqor ota ikki akasi va bir nevarasi bilan Sherobod tarafda bo‘lib, mehmondan qaytayotganida bir guruh muridlari ularning yonida katta miqdordagi tillosi bor, deya taxmin qilib, yo‘llarini to‘sadi. O‘ldirib yuborish bilan tahdid qilib, bor boyliklarini berishni talab qiladi. Bunday boylikka ega bo‘lmagan eshon bobolar qaroqchi muridlaridan qochishga ulguradi. Shu zaylda Boysun tog‘ining Hachcha cho‘qqisi etagiga kelishganida muridlar quvlab yetadi va Xo‘jaqo‘chqor otadan oltin talab qiladi.
Shunda eshon bobo “men o‘limimga roziman, meni o‘ldirsangizlar ham nabiramga tegmanglar, faqat bir tahorat qilib olay”, deb qo‘lidagi hassasini “taq-taq” etkizib, ikki joyga uradi. Shu payt toshloq yerdan ikkita buloq suvi sizib chiqadi. Qaroqchi muridlar vajohatini kuzatib turgan Shohiqo‘chqor va Boyqo‘chqor qochib, cho‘qqi tarafga yo‘l soladi. Muridlar eshon otaning nabirasini ul zotning ko‘z oldida so‘yib tashlaydi. Begunoh nabirasi o‘ldirilganidan jahli chiqqan Xo‘jaqo‘chqor ota “senlardek yirtqich maxluq qo‘lida halok bo‘lgandan o‘zim o‘lganim yaxshi”, deb turgan joyida g‘oyib bo‘ladi. Kichik pirlarining bu mo‘jizasi ortidan muridlar ul zotning Shohiqo‘chqor va Boyqo‘chqor akalari ketidan ot soladi. Baland cho‘qqiga yetayozganida ularni ham ushlab olib o‘ldirishga chog‘lanadi. Lekin, aka-uka bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
– Bu voqea bundan 455-460 yillar ilgari yuz bergan, – deydi ziyoratgoh atrofini obodonlashtirib yurgan Usmon Toshboev. – Bu qabr Xo‘jaqo‘chqor otaga ramziy o‘rnatilgan. Mana bunisi esa shahid bo‘lgan nabiralarining haqiqiy qabri. Eshon bobo sizib chiqishiga sababchi bo‘lgan ikkita buloq esa atrofdagi archazor va turli o‘t-o‘lanlar, giyohlarni suv bilan ta’minlab turibdi. Shu mash’um voqeadan buyon qashqadaryolik o‘sha qavm farzandlarining ko‘pchiligi dardman bo‘lib tug‘ilar emish. Shundanmi, har yili bu urug‘ vakillari g‘oyib bo‘lgan pirlarini ziyorat qilish uchun shu yerga keladi. Bundan boshqa ziyoratchilar safi ham ko‘paymoqda. Shuningdek, buloq suvini oshqozon va teri kasalliklariga davo deyishadi. Ziyoratgoh “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadigan yashil kenglikdan chamasi olti kilometr balandlikda joylashgan. Sayyohlarga qulay sharoit yaratish uchun o‘nqir-cho‘nqir tog‘ yo‘liga asfalt yotqizildi. Transformator va beton ustunlar o‘rnatilib, elektr simi tortildi. Internet aloqasi yaxshilandi.
–Bu yerlar mo‘jizaga boy, betakror tabiatga ega xushmanzara joy, –deydi “Feruzbek-Asl chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Xurshid To‘raqulov. – Bilasiz, tog‘da yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi. Hov cho‘qqiga jala yog‘sa, bir zumda kuchli sel chiqib, atrofga shiddat bilan yoyilsa ham Xo‘jaqo‘chqor ota va nevaralari qabrini aylanib o‘tadi. Yirik-yirik toshlarni yuvib ketadi-yu, yassi tekislikda joylashgan ikki qabrga yaqin kelmaydi. Buni o‘zimcha yo sirli tabiat yoki muqaddas islomiy ilmning kuchi bo‘lsa kerak, deya o‘ylayman.
Bu yer mo‘jizakor tabiati va turfa hayvonot dunyosi bilan ham qiziqarli. Tabiati allergik kasalliklarga shifo bo‘ladi. O‘tgan yili pandemiya davrida tog‘ qo‘ynining yana bir foydali xususiyati aniq bo‘ldi. Koronavirusdan o‘pkasi jiddiy shikastlangan ayrim bemorlar shifokorlari bilan shu yerga kelib, havosidan to‘yib bahramand bo‘lgach, juda tez sog‘ayib ketdi. Bilasizmi, turizmni rivojlantirishga agar bundan besh yilcha oldingi davrda bugungidek e’tibor qaratilganida bu joylar hozir yil o‘n ikki oy nafaqat mahalliy balki, xorijliklar bilan ham gavjum sayyohlik maskaniga aylangan bo‘lar edi. Ayni paytda osmono‘par tog‘ qo‘ynida zamonaviy turistik yo‘nalish yaratayotgan fermer bu yerda 20 kishining bandligini ta’minlagan.
– Prezidentimiz raisligida joriy yil 26 aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi menga ham yangi g‘oyalar berdi, – deydi Xurshid To‘raqulov. – Loyihalar tashabbuskorlariga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan juda quvondim. Shu yil 50 o‘rinli xostel, zamonaviy oshxona, minifutbol maydoni, ekoturizm yo‘laklarini barpo etmoqchi edim. Endi ov va ekstremal turizmni ham yo‘lga qo‘yaman. Kvadratsikl, baggi, havo sharlari olib kelaman. Dor yo‘li, aeroplan, deltoplan maydonchasi quraman. Videoselektor yig‘ilishida bu ishlarni ro‘yobga chiqarishimning aniq moliyaviy manbasi ma’lum bo‘ldi. Mabodo mutasaddilar ruxsat berishsa, ziyoratgohning o‘zida ham qator zamonaviy sharoitlar yaratishni mo‘ljallayapman.
Tog‘ qo‘ynida so‘lim maskan bunyod etayotgan fermer shu kunlarda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ishtirokchilariga sifatli turistik xizmatlar ko‘rsatishga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.