Obodonlashtirish va tozalik har kunlik hayotiy ehtiyojimizga aylanmogâi kerak
Kuni kecha Termiz shahar hokimligida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, manfaatdor tashkilotlar rahbarlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirokida shahardagi obodonlashtirish va tozalik ishlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda shaharning ayrim markaziy ko‘chalarida, turli soha ob’ektlari hududida, ba’zi mahallalarida ozodalik, saranjom-sarishtalik ko‘zga tashlanmayotganligi, atrof-muhit obodonchiligida xunuk manzara kasb etib kelayotgan chiqindilarni o‘z vaqtida tashib chiqarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi tanqid qilindi.
Mutasaddilarga har bir ko‘cha va yo‘laklar, turar joylar, ko‘p qavatli uylar atroflari, bozorlar, istirohat bog‘larining tozaligi va ozodaligini saqlash, obodonlashtirish tadbirlariga aholini keng jalb etish, ularning uy va hovlilar atrofini tozalash va atrof-muhitga bo‘lgan shaxsiy mas’uliyatini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shunga muvofiq, poklik va saranjomlikni o‘ziga shior deb bilgan shaharliklar, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari bugun erta tongdan o‘zi yashab, o‘zi ishlab turgan hudud obodligi va ozodaligiga hissa qo‘shishga kirishdilar.
Mazkur tozalik tadbirlari Termiz shahar hududida joriy yilning 5 iyun kuniga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun, butun jahon jamiyati e’tiborini atrof muhitni muhofaza qilish masalalariga qaratish maqsadida 1972 yildan boshlab 5 iyun - Butunjahon atrof muhit kuni sifatida nishonlanadi.