Janubda jurnalistlar sharaflandi
Termiz shahridagi “Azizbek” to‘yxonasida tashkil etilgan asosiy bayram tadbirida ommaviy axborot vositalari xodimlari, nashriyot va matbaa sohasi vakillari, faxriy jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov soha xodimlarini tabriklab, keyingi yillarda ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash, qulay ish sharoitlari yaratish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar mazmun-mohiyatini xalqimizga tezkor, xolis yetkazish, ajdodlarimizning boqiy an’analari va milliy qadriyatlarini asrab-avaylashni targ‘ib etishda soha xodimlarining alohida xizmatlari borligi qayd etildi. Ayni paytda viloyatda 37 ta bosma davriy nashr, 3 ta televidenie, 1 ta radiokanal, 4 ta nashriyot, 4 ta veb-sayt, 57 ta matbaa korxonasi, 50 dan ortiq davlat va jamoat tashkilotlarida axborot xizmati faoliyat yuritmoqda.
Vohada ommaviy axborot vositalarining erkin ish yuritishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Jumladan, to‘rt yil muqaddam Termiz shahridagi Matbuot uyi binosi tubdan rekonstruksiya qilinib, jurnalistlar barcha qulaylik yaratildi. O‘tgan yili “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati uchun alohida bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Qumqo‘rg‘on sadosi” gazetasi ijodkorlari uchun yangi bino qurib berildi. Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasi uchun yangi qo‘shimcha bino barpo etilib, ikkita studiya zamonaviy televizion texnologiyalar bilan jihozlandi. Yaratilayotgan bu kabi qulay sharoitlar Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan yuksak e’tiborining amaldagi ifodasidir.
Tantanali tadbirda bir guruh soha xodimlari, faxriy jurnalistlar va blogerlar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.