“Inson qadri” onlayn platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Bugun viloyat hokimligi katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida “Inson qadri” onlayn platformasi hamda “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘plami taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xalq deputatlari viloyat hamda mahalliy Kengashlari vakillari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, nodavlat–notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lgan tadbirni Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Saydulla Abduraimov olib bordi.
Kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Fayzulla Mamanov, «Taraqqiyot strategiyasi» markazining bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov, Avazbek Xolbekov, Oliy Majlis Senatining a’zosi Arziqul Soatov, “Yuksalish” umumilliy harkati Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari Gulmira Amirova, viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar bosharmasi boshlig‘i Zahiriddin To‘raevlarning ma’ruzalari tinglandi.
Xususan, Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturlarining joylardagi ijrosi natijalarini keng aholi qatlamiga yetkazish hamda uning joylardagi ijrosida bevosita aholining ishtirokini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan «Inson qadri» onlayn portalining taqdimotida portalning ishlash mexanizmi va undan kutilayotgan natijalar to‘laqonli yoritib berildi. Jumladan, «davlatdasturi.uz» onlayn platformasi orqali Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilik tomonidan kuzatib borish imkoni yaratilganligi, aholi Davlat dasturining ijrosi yuzasidan o‘z fikr, taklif va e’tirozlarini bildirishlari mumkinligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Davlat dasturi har bir bandining ijro holatini batafsil o‘rganish imkoniyati yaratilganligi mas’ul mutasaddilarda uning ijrosiga doir hisobdorlikni oshiradi. Mazkur portalda amalga oshirilgan islohotlarni o‘z hayotida his qilishi kerak bo‘lgan fuqarolar shaxsiy munosabatlarini foto, video yoki elektron hujjatlarni yuklash orqali ham jo‘natish imkoniyati yaratilgan. Bu esa keng jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining monitoringi va amalga oshirilishidagi tizimli ishtirokini ta’minlash va natijadorligini baholashga xizmat qiladi.
Shuningdek, portalga Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi natijalari yuzasidan infografik ma’lumotlar, videorolik va tahliliy sharhlarga oid ma’lumotlarni kiritib borilishi, keng jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligini oshiradi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamalarini tashkillashtirishda jamoatchilik faolligini oshirish zarurligi xususida so‘z borar ekan, Konstiututsiyaviy komissiyaga fuqarolarimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani ham konstitutsiyaviy islohotlar ob’ektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqqani daololatidir. Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan o‘tkazilib, hozirda Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Joriy yil 25 iyunidan boshlab barcha viloyat, shahar va tumanlar, mahallalar va mehnat jamoalarida uning muhokamasiga keng o‘rin berildi. Albatta, bu jarayonda faollar, jamoatchilik o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishi lozim.
Zero, bu borada Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak!"
Tadbir davomida «Inson qadri» onlayn portali va Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi va unda ishtirok etganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.