Surxondaryoda yana kovrak kushandasi qo‘lga tushdi
Qumqo‘rg‘on tumani hududida tabiiy holda o‘sgan Tojik kovrak o‘simligining shirasi olinishi natijasida nabotot olamiga 307 million 200 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmatidan O‘zAga ma’lum qilishlaricha, Qumqo‘rg‘on tumani “Bobotog‘ Suri Qorako‘lchilikʼʼ mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Sardor Ro‘zi” xususiy korxonasi ijaraga olgan “Tolli buloqʼʼ va “G‘arma buloqʼʼ massivi hududlaridagi yer maydonidan tabiiy holda o‘sgan “O‘zbekiston Respublikasi qizil kitobi”ga kiritilgan Tojik kovrak o‘simligining 2 ming 48 tup ildizi o‘rtacha 3-4 marta kesilib, shirasi olingan. Noyob o‘simlikning ruxsatnomasiz shira (smola)sini olish uchun ildizini kesib, jiddiy shikastlantirgan. Bu bilan ijarachi O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida” gi qonunining 36-moddasi talabini buzish barobarida o‘simlik dunyosiga ham anchagina zarar yetkazgan.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida” gi qonunining 51-moddasida o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar javobgar bo‘lishi belgilangan.
Amaldagi qonunlarimizga muvofiq aybdor yetkazilgan zararni belgilangan tartibda qoplashi shart. Zararni to‘lash uni javobgarlikdan ozod etmaydi.
Mutaxassislar “Bobotog‘ Suri Qorako‘lchilikʼʼ mas’uliyati cheklangan jamiyati yer maydoni ijarachisi “Sardor Ro‘zi” xususiy korxonasining o‘simlik dunyosiga yetkazgan zararini 307 million 200 ming so‘m miqdorida belgilagan.
Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar xususiy korxona mutasaddilarining javobgarlik masalasini hal etish va tabiatga yetkazilgan zararni undirish uchun viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan.